Sessiya oshkora va tanqidiy ruhda boʻlib oʻtdi
Sessiyada Respublika Prezidentining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining viloyatdagi ijrosi toʻgʻrisidagi, hududlarda “yoshlar daftari” va “ayollar daftari”ni shakllantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi hamda bu borada masʼullar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, viloyatda korrupsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar, buning sabab va shart-sharoitlari hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan vazifalar va boshqa bir qator dolzarb masalalar muhokama etildi.

Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan maʼruzada taʼkidlanishicha, Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatning tuman va shaharlarida oʻtkazilgan yigʻilishlarda OTMga kirish koʻrsatkichi yuqori boʻlgan 106 nafar maktab direktori pul mukofoti bilan taqdirlanib, taʼlim sifati past boʻlgan 26 nafar maktab direktori, 2 nafar xalq taʼlimi boʻlimi mudiri, 3 nafar xalq taʼlimi boʻlimi mudiri oʻrinbosarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, mazkur masala yuzasidan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Marat Shamuratov, ayni kunda “Bitiruvchi–2021” maʼlumotlar bazasi shakllantirilib, bitiruvchi sinf oʻquvchilari qiziqishi, bilimi, salohiyatidan kelib chiqqan holda OTMlar hamda kasbiy kurslarga yoʻnaltirilayotganligi boʻyicha maʼlumot berdi.
Sessiyada viloyat prokurori Baxtiyor Ahmedovning viloyatda korrupsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar, buning sabab va shart-sharoitlari hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan vazifalar boʻyicha hisoboti tinglandi. Unda taʼkidlanishicha, oʻtgan ikki yilda viloyat huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan 200 nafarga yaqin shaxs (shundan 138 nafari mansabdor shaxs) korrupsion jinoyatlar sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jumladan ushbu muddatda 67 ta poraxoʻrlik, 4 ta mansabni suiisteʼmol qilish, 8 ta mansab soxtakorligi, 97 ta byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish, 13 ta mansab mavqeini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan firibgarlik holatlari aniqlangan. Oqibatda davlat manfaatlariga 16 mlrd soʻmdan ortiq moddiy zarar yetgan. Byudjet pullarini talon-toroj qilish holatlari, asosan xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim, sogʻliqni saqlash, qurilish, energetika, mahalla, qishloq va suv xoʻjaligi hamda bank sohalariga toʻgʻri kelib, «Byudjet mablagʻlarining ratsional taqsimlanishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan davlat nazoratiga masʼul moliya organlari oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida bajarmayapti yoki oʻzlari bu mablagʻlar talon-toroj qilinishiga koʻmakchi sifatida ishtirok etishmoqda. Masalan, Navbahor tuman moliya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari — davlat maqsadli mablagʻlarini nazorat qilish shoʻbasi boshligʻi O.Ochilov tumandagi mahalla fuqarolar yigʻinlari, bandlikka koʻmaklashish markazi hamda Xalq banki tuman boʻlimi xodimlari bilan birga 116 nafar fuqaroning xabarisiz, ular nomiga ijtimoiy nafaqalarni rasmiylashtirib, 646 mln soʻm byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan», – deya taʼkidladi viloyat prokurori oʻz maʼruzasida.
Sessiyada shuningdek, viloyatda 2021-yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish va ularning faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash, maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash toʻgʻrisida xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining qarorlarini koʻrib chiqish, “Navoiy suv taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan koʻrsatiladigan ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari uchun tariflarni tasdiqlash toʻgʻrisidagi va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining qarorlari qabul qilindi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring