Sertifikatlashtirishda axborot texnologiyalarining oʻrni qanday?
Isteʼmolchi uchun xarid qilayotgan mahsulotining sifati muhim. Ayniqsa bu jarayonda axborot texnologiyalarini qoʻllash orqali mahsulotga muvofiqlik sertifikatlari mavjudligini hamda ularning haqiqiyligini aniqlash dolzarb.
Ichki Ishlar vazirligi Tergov Departamenti tomonidan muvofiqlik sertifikatini qalbakilashtirish holati yuzasidan berilgan maʼlumot isteʼmolchilar va tadbirkorlarni yana bir marta ogohlikka chaqirib, mahsulotlarning muvofiqlik sertifikatiga eʼtiborli boʻlishga undaydi.
«Oʻzstandart» agentligi tomonidan sohada shaffoflikni taʼminlash maqsadida 2020-yil fevraldan boshlab muvofiqlik sertifikatlari elektron tarzda maxsus axborot tizimi orqali rasmiylashtirish yoʻlga qoʻyilib, Davlat Bojxona qoʻmitasining “Yagona darcha” idoralararo axborot tizimiga integratsiya qilindi.
Shuningdek, muvofiqlik sertifikatlarini qalbakilashtirish holatlarini oldini olish maqsadida 2020-yil may oyidan QR-kod texnologiyasi va elektron tarzda (inson aralashuvisiz) reyestr raqami shakllantirilishi tizimi ishga tushirildi.
Sertifikatlashtirish jarayonida axborot texnologiyalarini keng qoʻllash orqali tadbirkorlar tomonidan elektron arizalarni berish va isteʼmolchilar tomonidan mavjud sertifikatlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni olish imkoniyati yaratildi.
Bugungi kunda Sertifikatlashtirish milliy tizimida akkreditlangan sertifikatlashtirish idoralari tomonidan rasmiylashtirilgan va amalda boʻlgan muvofiqlik sertifikatlari haqida toʻliq maʼlumotlarni «Oʻzstandart» agentligining www.sert2.standart.uz yoki www.certificate.standart.uzelektron manzillari orqali olish mumkin.
Bundan tashqari, QR-kod skaneri mobil ilovasi orqali QR-kod belgisini skanerlash orqali mahsulotning nomi, ishlab chiqaruvchisi yoki import qiluvchi tashkilot toʻgʻrisida maʼlumot olish mumkin.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, sertifikatlashtirish idoralari tomonidan tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda hamda mahsulotlarni muvofiqligini baholashda malakali kadrlarga eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Shu bilan birga, oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashmagan, qonunchilikdagi tartib qoidalarga amal qilmagan xodimlarga nisbatan tegishli choralar koʻrilmoqda. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi tergov departamenti tomonidan yoritilgan Yo.T. ismli xodim 2018-yilning sentyabr oyida Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi mahsulotlarni sertifikatlashtirish idorasidan chetlatilganligini maʼlum qilamiz va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishliligi boʻyicha sudga yuborilgan.
Shu oʻrinda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonun ustuvorligini taʼminlashda olib borayotgan ishlari uchun minnatdorchilik bildiramiz.
Hurmatli tadbirkorlar, «Oʻzstandart» agentligi Sizlardan oʻz mahsulotingizni ishlab chiqarish va belgilangan meʼyorlarga muvofiqligini baholashda yana bir bor ogohlikka chaqiradi.
Yuqorida keltirilgan holatlar boʻyicha maʼlumotlarga ega boʻlsangiz «Oʻzstandart» agentligining ishonch telefon raqamiga (78-150-23-00) va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar orqali yoʻllashingiz mumkin.
“Oʻzstandart” agentligi
Matbuot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring