Senatorlar Qonunni rad etdi
Oliy Majlis Senati sakkizinchi yalpi majlisida “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni Qonunni tayyorlashga asos boʻlgan.
Majlisda ushbu Qonun Senat qoʻmitasi, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari va ekspertlar tomonidan koʻrib chiqilishi jarayonida uning ayrim moddalari qoʻyiladigan talablarga javob bermasligi aniqlanganligi qayd etildi.
Xususan, Qonunning 12-moddasi beshinchi va 25-moddasi oltinchi xatboshilarini “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiqlashtirish maqsadga muvofiqligi bildirildi.
Davlatning qimmatbaho metallarni sanoat usulida qazib olishni amalga oshiruvchi korxonalar faoliyatiga aralashuvini kamaytirish maqsadida Qonunning tegishli moddalari normalarini qayta koʻrib chiqish va 15-moddasi talablarini amaldagi qonunchilik hujjatlari normasi bilan muvofiqlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Qonunning 22-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan normani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi 6044-sonli Farmoni, yaʼni mazkur yoʻnalishdagi faoliyat litsenziyalanadigan faoliyat turlariga kirmasligi toʻgʻrisidagi talabga muvofiqlashtirish kerakligi ham qayd etildi.
Senatorlar mazkur Qonunni rad etish boʻyicha qaror qabul qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring