Senat yalpi majlisida ombudsmanning 2025-yildagi faoliyati muhokama qilindi

13:15 08 Aprel 2026 Siyosat
186 0

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatning 14 yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzasi (hisoboti) koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Ombudsman instituti 2025-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borish, sohaga oid milliy qonunchilik hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda bir qator ishlarni amalga oshirgan.

2025-yilda Ombudsman nomiga 26 372 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, bu 2024-yilga nisbatan 12,6 foizga koʻpdir. Hududlar kesimida eng koʻp murojaatlar Qashqadaryo (4 159 ta), Surxondaryo (2 769 ta) viloyatlari va Toshkent shahri (3 599 ta) hissasiga toʻgʻri kelgan. Eng kam murojaatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi (681 ta) va Sirdaryo viloyatidan (696 ta) kelib tushgan.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatning 2025-yil 18-martdagi tegishli Qarori ijrosi yuzasidan eng koʻp murojaat yuborilgan hududlar – Qashqadaryo viloyatining Koson hamda Surxondaryo viloyatining Denov tumanlariga tashrif buyurilib, 20 dan ortiq mahallada fuqarolar bilan ochiq muloqotlar oʻtkazildi. Ularda murojaatlarda koʻtarilgan masalalar masʼul idoralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Natijada murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilib, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga kiritilgan.

Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga oid Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar sonining ortgani sababli ayollar huquqlarini taʼminlash borasidagi qonun hujjatlarining amaldagi ijrosi samaradorligini oʻrganish hamda parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Ombudsman tashabbusi bilan 2025-yilda “Tenglik va hurmat” platformasi ishga tushirildi. Reabilitatsiya markazlarida 150 nafardan ortiq zoʻravonlikka uchragan ayollar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilib, ularga yordam koʻrsatildi. Oʻrganish yakunlariga koʻra Ombudsman takliflari ishlab chiqilib, Oliy Majlisning palatalariga kiritilgan.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatning 2025-yil 18-martdagi tegishli Qarori ijrosi yuzasidan Ombudsman murojaatlarni tizimli tahlil qilish orqali qonunchilikdagi mavjud boʻshliqlar va huquqni qoʻllash amaliyotidagi muammolarni aniqlashga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, 2025-yilda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashni yanada mustahkamlashga qaratilgan 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan 1 ta qonunchilik taklifi Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqilib, qabul qilindi. Shuningdek, Ombudsman tavsiyasi asosida davlat organlari tomonidan 11 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.

Murojaatlarni oʻrganish va monitoring tashriflari natijasida inson huquqlari sohasidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan 194 ta taʼsir chorasi kiritilib, ularning 82 foizi ijobiy hal etildi.

2025-yilda murojaatlar asosida fuqarolar foydasiga jami 11 mlrd 82 mln soʻm mablagʻ undirildi. Jumladan, 3 mlrd 936 mln soʻm uy-joy kompensatsiyalari, 2 mlrd 715 mln soʻm ish haqi va mehnat munosabatlariga oid toʻlovlar (shundan 409,3 mln soʻm mahkumlarning ish haqi), 3 mlrd 361 mln soʻm qarzdorlik va zararlarni qoplash, 604 mln soʻmdan ortiq aliment toʻlovlari undirilishi taʼminlandi.

Inson huquqlarini buzgan 118 nafar masʼul shaxs intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortildi.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 954 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi (2024-yilda 902 ta). 11 mingdan ortiq mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy, 5 487 nafar shaxs bilan xoli tarzda suhbatlar oʻtkazildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar asosida bir qator muassasalarda shart-sharoitlar yaxshilandi, 8,5 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi, Toshkent viloyatining Chinoz, Qibray va Yuqorichirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari tugatildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Xalqaro yoʻnalishda Ombudsman Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning Osiyo–Tinch okeani forumiga aʼzo boʻldi, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha vakili bilan 2025–2026-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” imzolandi, Daniya Ombudsmani hamda Germaniyaning Fridrix Ebert jamgʻarmasi bilan hamkorlik memorandumlari tuzildi.

Lekin yalpi majlisda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan ayrim kamchilik va muammolar ham kuzatilayotgani taʼkidlab oʻtildi.

Xususan, 2025-yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni (26 372 ta) 2024-yilga nisbatan 2 950 taga yoki 12,6 foizga ortgan.

2025-yilda Ombudsmanga yoʻllangan murojaatlar kesimiga eʼtibor berilsa, jami murojaatlarning 32 foizini iqtisodiy huquq yoʻnalishidagi murojaatlar tashkil etishi va bu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 26 foizga oshgani maʼlum boʻladi. Ushbu yoʻnalishdagi murojaatlarning aksariyati sud qarorlaridan norozilik, xususiy mulk kafolatlari hamda fuqarolarning mehnat huquqlari va boshqa masalalarga taalluqli boʻlgan.

2025-yilda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik, oilada ayolning tahqirlanishi hamda shaxsiy hayotga oʻzboshimchalik bilan aralashish masalalari boʻyicha 585 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, 2024-yilga (294 ta) nisbatan 291 taga yoki 99 foizga oshgan. Bu koʻrsatkich mazkur yoʻnalishdagi muammolarning dolzarbligi saqlanib qolayotganini hamda profilaktika va himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini koʻrsatadi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Shuningdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga ushbu organ Devonidan hamda fuqarolardan toʻgʻridan-toʻgʻri 7 010 ta murojaat kelib tushgan (2024-yilda 3 857 ta). Bu qabul qilingan jami murojaatlarning 26,6 foizini tashkil etgan.

Muhokamalar davomida qonunchilikda belgilangan taʼsir choralaridan samarali foydalanish, murojaatlarni eng koʻp kelib tushgan hududlar kesimida oʻrganish, mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.

Ushbu masalani koʻrib chiqish yakuni boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?