Senat Raisi yurtdoshlarimizni Oʻzbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi
Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Narbayeva yurtdoshlarimizni bugungi qutlugʻ sana – “Oʻzbek tili bayrami kuni” bilan tabrikladi.
– Millatimiz maʼnaviyatini yuksaltirishda, milliy oʻzlikni anglashda, ayniqsa, yosh avlod qalbida milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini shakllantirishda oʻzbek tili – ona tilimiz beqiyos ahamiyatga ega, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani tarixda kuzatilmagan voqelik boʻlib, ona tilimizga boʻlgan yuksak ehtirom va eʼzoz namunasidir. Qolaversa, Bundan roppa-rosa bir yil oldin Prezidentimizning oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirishga oid Farmoni tilga boʻlgan eʼtibor va masʼuliyatni oshirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Hukumat tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilayotganini alohida eʼtirof etish lozim.
Ona tilimizning tarixiy ildizlari, maʼnaviy-maʼrifiy xususiyatlari va serqirra jilosi, shubhasiz, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy ijodi bilan chambarchas bogʻliq. Shu maʼnoda Prezidentimizning kuni kecha eʼlon qilingan buyuk shoir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarori va unga muvofiq belgilangan kompleks vazifalar milliy yuksalish sari qoʻyilgan navbatdagi dadil qadam boʻldi. Biz maʼnaviyat, xususan til masalasining millat kelajagi va taqdiridagi hal qiluvchi ahamiyatini chuqur anglaymiz va ishonamizki, bu boradagi barcha saʼy-harakatlarimiz xayrli boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring