Senat Raisi: Odamlar, bolalar zaharlanaversin, sogʻliqni saqlash vaziriga farqi yoʻq
Bugun Oliy Majlis Senati kengashining kengaytirilgan majlisi boʻlib oʻtdi. Unda umumiy ovqatlanish korxonalari va taʼlim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini oʻrganish natijalari muhokama etildi.
Majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
T.Norboyeva ushbu majlisga kelmagan, bu masalaga sovuqqon munosabatda boʻlgan Sogʻliqni saqlash vazirini tanqid qildi:
– Biz bugun juda dolzarb, kompleks yondashishimiz zarur boʻlgan masala muhokamasida turibmiz. Ovqatdan zaharlanish, ommaviy zaharlanish holatlari tobora koʻpayib bormoqda. Ayniqsa, ertamiz egalari bundan koʻp aziyat chekmoqda. Bu borada qabul qilingan qonun hujjatlari qanchalik ishlayapti, joylarda ayniqsa, taʼlim muassasalarida umumiy ovqatlanish qoidalariga amal qilinyaptimi, oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, yetkazib berish tizimi qanday yoʻlga qoʻyilgan, bu savollarga aniq javob, muammolarga yechim topish asosiy vazifa hisoblanadi. Oʻrganishlar natijasida maʼlum boʻlishicha, koʻplab taʼlim muassasalari oʻquvchilarida xronik kasalliklar bor. Bu sifatsiz, nosogʻlom ovqatlanish natijasida yuzaga keladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra sogʻlom ovqatlanishning 12 ta prinsipi mavjud. Bizning mutaxassislarimiz, aynan taʼlim muassasalaridagi tibbiyot xodimlari, oshpazlarning aksariyati afsuski bu borada umuman tushunchaga ega emas. Sogʻliqni saqlash tizimida ham sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilish, aholiga tushuntirish, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha ishlar umuman qoniqarsiz. Shunga qaramay bugungi majlisga na sogʻliqni saqlash vaziri keldi, na vazir oʻrinbosari. Odamlar, bolalar zaharlanaversin, bularga farqi yoʻq. Manfaatdor idoraning ushbu masalaga munosabati shumi?!
OʻzA
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring