Senat Raisi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori bilan uchrashdi
Joriy yilning 12-may kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori v.b. Rita Konsuelo Fatima Vidal Bryusni qabul qildi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tengligini taʼminlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalarni hal qilish borasidagi saʼy-harakatlari, mamlakat Prezidenti tomonidan xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslar BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu oʻz navbatida, ushbu nufuzli tuzilma bilan munosabatlar izchillik kasb etayotganini anglatadi.
Senat Raisi Oʻzbekiston BMT va uning mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ixtisoslashgan agentliklari va muassasalari bilan konstruktiv va ishonchli hamkorlik rivojlanib borayotgani, ayniqsa siyosiy muloqot faollashgani, buni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning soʻnggi besh yil davomida BMT Bosh Assambleyasining 72, 75 va 76-sessiyalarining umumiy muhokamalaridagi ishtirokidan ham koʻrish mumkinligini taʼkidlab oʻtdi. Shu munosabat bilan BMT tajribasidan kelib chiqqan holda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, xotin-qizlarning faolligini kuchaytirish, shuningdek, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni mustahkamlash muhim ekanligini alohida qayd etdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va BMT oʻrtasida samarali hamkorlikning turli yoʻnalishlari, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Parlament komissiyasi tomonidan Barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar bajarilishi boʻyicha hukumatning faoliyati yuzasidan muntazam nazorat olib borilishi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, joriy yilda Oʻzbekiston oʻzining ikkinchi ixtiyoriy milliy maʼruzasini taqdim etishi, uni tayyorlash va parlamentda oʻtkaziladigan muhokamalar xususida fikr yuritildi.
Oʻz navbatida, Konsuelo Vidal Bryus samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholadi.
Mamlakatimizning BMT bilan hamkorligi yangi bosqichda rivojlanayotganini taʼkidlab, BRMga erishishda parlamentning oʻrni muhimligini va bu borada muntazam ravishda muloqotni yoʻlga qoʻyish har jihatdan samarali ekanini qayd etdi. Shuningdek, BMT Oʻzbekiston uchun manfaatli boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha koʻmak koʻrsatishni davom ettirishga tayyorligini maʼlum qildi.
Doʻstona ruhda kechgan uchrashuv yakunida tizimli muloqotni davom ettirish, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish, umuman hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni kengaytirishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring