Senat Raisi Andijon viloyatida qator uchrashuv va muloqotlar oʻtkazdi
Joriy yilning 18-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva aholi vakillari, mahalla faollari, viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, jamoatchilik vakillari, faol xotin-qizlar va yoshlar bilan uchrashish maqsadida Andijon viloyatining Andijon shahri, Andijon va Boʻston tumanlarida boʻldi.
Uchrashuvlar davomida qonunchilikdagi yangiliklar, xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyati, xotin-qizlar va voyaga yetmagan bolalarni zoʻravonlikdan asrash boʻyicha amaliyotga kiritilgan huquqiy oʻzgartirishlarga eʼtibor qaratilib, aholi vakillarining turmush sharoiti, mahallalarda olib borilayotgan ish jarayonlari bilan tanishildi, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari bilan oʻzaro fikr almashildi.
Jumladan, mahalliy Kengashlar deputatlari va Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti professor-oʻqituvchilari hamda talaba yoshlar bilan tashkil etilgan uchrashuvda yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan normalar mazmun-mohiyatiga atroflicha toʻxtalib oʻtildi.
Oʻz navbatida, Senat Raisi uchrashuvlar davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida inson huquq va erkinlari kafolatlari kuchaytirilayotgani, taʼlim olish huquqi va imkoniyatlari kengaytirilayotgani, oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻlayotgani, yoshlar huquqlari Konstitutsiyasi himoyasi ostida boʻlishi kabi yangiliklarga toʻxtaldi.
Shuningdek, Senat Raisi muloqotlar davomida taʼlim va tibbiyot muassasalari xodimlarini majburiy mehnatga jalb etilishiga chek qoʻyish borasida erishilgan yutuqlar, bu borada Davlat rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi, ushbu natijalarni Konstitutsiya bilan mustahkamlash borasida qilingan ishlar haqida batafsil tushuntirishlar berdi.
Bundan tashqi, T.Narbayeva viloyatda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan, minglab yangi ish oʻrinlari tashkil etgan tadbirkorlik subyektlari, mahalla raislari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari, profilaktika inspektorlari, hokim yordamchilarining faoliyati, viloyatda olib borilayotgan bir qator bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari va “Oilaviy bolalar uyi”da voyaga yetayotgan bolalar holidan xabar oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring