Senat Kengashining Andijonda oʻtkazilgan sayyor majlisida “yoʻl xaritalari” ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilindi

18:40 28 Sentyabr 2023 Siyosat
480 0

Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qaroriga muvofiq, Andijon viloyatining tumanlarini (shaharlarini) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining samarali ijro etilishini taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritalari” tasdiqlangan va amalga oshirilmoqda.

Viloyatning har bir tumani (shahri) kesimida Senat aʼzolari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari deputatlaridan iborat ishchi guruhlar shakllantirilib, “yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan alohida tartib asosida samarali parlament va deputatlik nazorati yoʻlga qoʻyilgan.

Senat Kengashining Andijon viloyatida oʻtkazilgan sayyor majlisida parlament nazorati doirasida “yoʻl xaritalari” ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2017-yil 1-yanvar holatiga sanoat korxonalari soni 5,2 mingtani tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan yilda ushbu koʻrsatkich 10 mingdan oshgan. Natijada yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmida sanoatning ulushi 11,2 foizdan 23,4 foizga yetkazilgan. Joriy yilning yanvar — avgust oylarida 3 mingta yangi kichik tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 24 mingdan oshdi.

Majlisda senatorlar tomonidan aholining ijtimoiy muammolarini hal etish, hududiy bandlik dasturi ijrosini taʼminlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, “ayollar daftari”ga kiritilgan 91 mingdan ziyod xotin-qizlarning 78,7 ming nafardan ortigʻiga, “yoshlar daftari”dagi 32,4 ming yigit-qizlarning qariyb 23 ming nafariga amaliy yordam koʻrsatilgan.

Bundan tashqari, 2023-2024-yilgi kuz-qish mavsumiga aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini tayyorlash yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Jumladan, ishchi guruhlar tuzilib, mavjud muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish choralari koʻrilayotir.

Muhokama jarayonida senatorlar hududda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga mavjud kamchilik va muammolarga ham eʼtibor qaratdi. Hududlardagi 282 ta sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi, 375 ta xizmat koʻrsatish korxonasida xizmatlar hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan resurs mablagʻlaridan foydalanish darajasi Xonobod shahri va Ulugʻnor tumanida pastligicha qolmoqda. Faoliyati tugatilgan korxonalar soni oʻtgan yilga nisbatan Qoʻrgʻontepa va Jalaquduq tumanlarida ortgan.

Andijon va Jalaquduq tumanlari hamda Andijon shahrida soliq toʻlovchilarning byudjet oldidagi muddati oʻtgan qarzdorligi oshgan.

Jalaquduq tumanidagi yoshlar sanoat, Andijon va Oltinkoʻl tumanlaridagi kichik sanoat zonalarida elektr energiyasi tarmogʻini qurish hamda transformator oʻrnatish, Paxtaobod tumanida tashkil etiladigan toʻqimachilik industrial zonasiga elektr tarmogʻi va kichik stansiya qurish ishlari kechikmoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har oyda, dasturlar doirasida belgilangan vazifalar ijrosiga masʼul xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hisobotlarni eshitib borishi, dasturlar ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar qoʻllash masalasini koʻrib chiqishi zarur ekani taʼkidlandi.

Muhokama yakuni boʻyicha oʻz yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan Senat Kengashining qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер