Senat aʼzolari BMT Taraqqiyot dasturining delegatsiyasi bilan uchrashdilar
2020-yil 4-fevral kuni Senatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning BMT Taraqqiyot dasturining Bangkokdagi vakolatxonasi siyosiy jarayonlar boʻyicha guruh rahbari C. Chauvel boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda 2020-yil 24-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida Oliy Majlis oldiga qoʻygan vazifalaridan kelib chiqqan holda parlament nazorati tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha yangi loyihalarni ishlab chiqish hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy darajada amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Tomonlar hamkorlikning asosiy yoʻnalishlariga eʼtibor qaratdilar. Xususan, Oliy Majlisning qonunchilik, nazorat va vakillik vazifalarida Senatning roli, jumladan byudjetning sarflanishi, korrupsiyaning oldini olish va gender tenglikni taʼminlash, Milliy gender strategiyasi va atrof-muhitni muhofaza qilish loyihalari, parlament faoliyatida institutsional, kadrlar, moliyaviy, tashkiliy va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari raislari ham BMT Taraqqiyot dasturining Bangkokdagi vakolatxonasi siyosiy jarayonlari boʻyicha guruh rahbari C.Chauvel boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdilar.
Uchrashuvda parlament yuqori palatasining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrni, mahalliy Kengashlar faoliyati, parlament nazorati xususida soʻz yuritildi. Bundan tashqari, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga alohida ahamiyat berilayotgani, bu yoʻnalishda Senatda yangi qoʻmita tuzilgani hamda ikkita muhim qonun qabul qilingani toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Parlamentning yangi tarkibida ayollarning soni oshgani bu borada qilinayotgan ishlar samarasi ekanligi qayd etildi.
Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yana-da kuchaytirish borasida kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring