Sel-suv toshqini oqibatlari bartaraf etilmoqda
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Shu yilning 14-iyul kuni Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh viloyatida yuzaga kelgan tabiiy ofat natijasida Andijon viloyatidagi “Oq boʻyra soy” koʻprigi qulab tushdi. Buning natijasida ushbu hududda istiqomat qiluvchi mahallalar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetdi. Ayni paytda masʼul korxonalar tomonidan muammolarning ijobiy yechimini taʼminlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

— Koʻprik qulashi natijasida unga yondosh boʻlgan ichimlik suv quvuri ham uzilib ketgan, — deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ bosh muhandisi Humoyun Alimov. — Oqibatda Jalaquduq tumanidagi Beshtol, Hamza, Tosh hovuz, Xoʻjaobod tumanidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi salkam 20 ming nafarga yaqin aholiga xizmat koʻrsatish sifati pasaygan. Ayni paytda qayta quvur tortish ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlari tez orada yakuniga yetgach, taʼminot toʻliq tiklanadi. Unga qadar mahallalarga ichimlik suvi maxsus transport vositalarida yetkazib berilmoqda.
Hozirda Xoʻjaobod tumanidagi Qambar ota suv inshooti orqali Jalaquduq tumanidagi hududlarga ichimlik suvi yetkazib berish boʻyicha amaliy ishlar davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring