Sardoba suv ombori toʻgʻonining oʻpirilishi sabablari maʼlum qilindi

14:20 30 Aprel 2021 Jamiyat
3700 0

AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari Abdulla Qoʻldoshev ishtirokida maxsus brifing oʻtkazildi. Unda Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatlarini bartaraf etish va uning sabablarini oʻrganish natijalari yuzasidan maʼlumot berildi.

Maʼlumki, 2020-yil 1-may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori toʻgʻonining yemirilishi natijasida yuz bergan suv toshqini oqibatida bir qancha aholi punktlari, bino-inshootlar hamda ekin maydonlari jiddiy talafot koʻrdi. Eng achinarlisi, mazkur hodisa tufayli 6 nafar fuqaro qurbon boʻlib, bir kishi bedarak yoʻqoldi.

Zarar koʻrgan aholi punktlarini qayta tiklash hamda koʻp qavatli zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlarini qurish boʻyicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2640 xonadondan iborat 86 ta koʻp qavatli yangi uy-joy qurilib, barcha ijtimoiy-iqtisodiy va transport-muhandislik infratuzilmasiga ega boʻlgan 3 ta zamonaviy shaharcha barpo etildi.

Qayd etilishicha, Fransiya, Gollandiya, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston hamda mamlakatimizning yuqori malakali ekspertlarining tahlil va xulosalari asosida oʻpirilish sabablari atroflicha oʻrganib chiqilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Moskva davlat qurilish universiteti, «Qurilish sohasida muhandislik izlanishlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri» davlat ilmiy-tadqiqot loyiha instituti tomonidan toʻgʻonning mustahkamligini aniqlash boʻyicha muhandislik-qidiruv izlanishlari va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borildi.

Shu bilan birga, malakali mutaxassislardan iborat maxsus ishchi guruhlar tuzilib, respublikamizdagi barcha yirik gidrotexnik inshootlar texnik koʻrikdan oʻtkazildi. Koʻrik natijalari asosida ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Abdulla Qoʻldoshevning maʼlum qilishicha, olib borilgan tadqiqot va tahlillar natijasiga koʻra, toʻgʻon oʻpirilishiga bir qator omillar sabab boʻlganligi aniqlandi.

Birinchidan, Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan buyurtmachi xizmatini tashkil etish, loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyilgan;

inshootni toʻlaqonli ekspluatatsiya qilishda mazkur suv omboridan foydalanish qoidalari tasdiqlanmagan, bu jarayonda belgilangan texnik va meʼyoriy talablar qoʻpol ravishda buzilgan.

Ikkinchidan, “UzGip” MCHJ loyiha tashkiloti tomonidan suv omborining ishchi loyiha hujjatlarini tayyorlash jarayonida tasdiqlangan Texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan yechimlarga rioya qilinmasdan, unga oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishlar kiritilgan. Ishchi loyiha hujjatlarida toʻgʻonning konstruktiv va seysmik mustahkamligi inobatga olinmagan.

Uchinchidan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning pudrat tashkiloti va yordamchi pudrat tashkilotlari tomonidan toʻgʻon tanasi tuprogʻining zichligi, filtr va himoya tosh qatlami qalinligi loyihaviy koʻrsatkichdan past boʻlishiga yoʻl qoʻyilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер