Saraton hujayralari oʻz-oʻzini yoʻq qilishi mumkin — Tadqiqot xulosasi
Foto: Illustrativ foto
Rossiyalik olimlar bemorlar organizmida saraton hujayralarini yoʻq qilishning yangi usulini topdi. Bu jarayonni tabiiy va sintezlangan molekulalar kombinatsiyasidan foydalangan holda amalga oshirish taklif qilinmoqda.
Maʼlumki, inson tanasidagi hujayralar odatda oʻz zimmasidagi vazifalarni ado etgach, yaʼni rivojlanish siklini tugatgandan soʻng oʻz-oʻzini yoʻq qilish xususiyatiga ega. Bu organizmda ular soni meʼyorda boʻlishini taʼminlaydi.
Ammo patologik oʻzgarishlar tufayli saraton hujayralarida ushbu mexanizm ishlamaydi. Oqibatda ular nazoratsiz ravishda boʻlinishda davom etadi.
Rus olimlari saraton hujayralarida ayni shu xususiyatni “uygʻotish” ustida ish olib bordi. Buning uchun bispidin hosilasi bilan poliaminlar kombinatsiyasidan foydalanish lozim, degan xulosaga kelindi.
Aytish joizki, poliaminlar hujayralar hayotiy faoliyati uchun zarur boʻlib, ularning bispidinlar ishtirokida boʻlinishi oʻz-oʻzini yoʻq qilishiga olib keladi. Natijada faqat oʻsimta hujayralarining oʻzigina nobud boʻladi va sogʻlom hujayralar omon qoladi.
Olimlarning taʼkidlashicha, bu — hozircha faqat tadqiqot. Uning amaliy samarasi klinik sinovlarda toʻliq namoyon boʻlishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring