Sankt-Peterburgda Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyati taqdim qilindi

00:25 10 Aprel 2021 Iqtisodiyot
1794 0

Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida Oʻzbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot hamda ikki tomon turoperatorlari oʻrtasida B2B uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov topshirigʻi bilan oʻtkazilayotgan ushbu tadbirlar Sankt-Peterburg soha vakillari orasida katta qiziqish uygʻotdi.

Sankt-Peterburgda oʻtkazilgan Oʻzbekistonning ziyorat turizm taqdimot marosimini Turizm va sport vaziri maslahatchisi Oʻtkir Saidov ochib berdi hamda yigʻilganlarga soʻnggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasi rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va islohotlar haqida soʻzlab, tadbir qatnashchilarini diyorimizga sayohat qilishga chorladi.

Shundan soʻng Rossiya geografik jamiyati, Rossiyaning Madaniyat vazirligi tarixiy va diniy turizm boʻyicha mutaxassisi Vladimir Derbenyov soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston eng faol mamlakat boʻlganini eʼtirof etib, hamkorlik nuqtayi nazaridan Sankt-Peterburg uchun muhim oʻrinlardan birini egallashini taʼkidladi. «Ikki tomon oʻ​rtasida turizmni, shu jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish juda muhim, zero bu bizning maʼnaviy hayotimizning ajralmas qismidir. Shunday ekan, biz hamkorlikni yana-da mustahkamlash va aviareyslarni oshirish tarafdorimiz», - dedi V.Derbenyov. Shuningdek, u 1-apreldan eʼtiboran Toshkentdan Moskvaga reyslar ochilganini va bundan keyin Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni oshishiga tilakdosh ekanini aytib oʻtdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi shuningdek, muftiy, Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-gʻarbiy mintaqasi musulmonlari diniy idorasi raisi shayx Ravil hazrat Pancheyev bilan uchrashishdi. Shuningdek, Ravil Pancheyev Mir Arab madrasasining 500-yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirga taklif etildi.

Bundan tashqari, tadbirda Oʻzbekiston tarixiy meʼmoriy yodgorliklarini saqlash va zamonaviy mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirishga katta ahamiyat berilayotgani, viza rejimini liberallashtirish, chet el fuqarolarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish, mamlakat turizm sanoatini rivojlantirish maqsadida imtiyoz va preferensiyalar berish boʻyicha ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Sankt-Peterburg shaharlari oʻrtasida turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oʻzbekiston va Sankt-Peterburg turoperatorlari B2B formatida uchrashuvlar doirasida yangi turistik yoʻnalishlar va turmahsulotlar ishlab chiqish, oʻzaro manfaatlik hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga kelishib olishdi.

Bundan tashqari, Peterburgda tadbir ishtirokchilari uchun gastronomik boyligimiz hisoblangan palov tayyorlanib, oʻzbekona dasturxon yozildi.

Tadbir yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi va ular bu kabi targʻibot tadbirlarini tizimli ravishda oʻtkazish istagini bildirishdi.

Sankt-Peterburg va Shimoli-gʻarbiy Federal okrugning turistik klasteri rahbari Liliya Sorokina shunday dedi: «Bugun biz qiziqarli va ajoyib tadbirda qatnashdik. Taqdimotda juda munosib kompaniyalar ishtirok etishdi, biz albatta ular bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Bu Sankt-Peterburg aholisi uchun ajoyib taklif. Umid qilamizki, ushbu turdagi imkoniyatlar bizning sayohatsevarlar dasturlarida munosib oʻrin egallaydi».

Oʻzbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli Alisher Babayev Sankt-Peterburg aholisining ziyorat turizmiga Oʻzbekistonga qiziqishi yuqori ekani, mamlakatimizning madaniyati, tarixiy va madaniy yodgorliklari, mehmondoʻstligi va boy tarixi sayyohlarni maftun etishi, Sankt-Peterburg turoperatorlari Oʻzbekistonga sayyohlarning yangi oqimini yuborishga astoydil tayyorgarlik koʻrayotganini qayd etdi. Shuningdek, u Rossiyaning shimoliy poytaxtida faoliyat yuritayotgan sayyohlik kompaniyalari mamlakatning Shimoli-Gʻarbiy federal okrugi aholisi uchun Oʻzbekistonga yangi turpaketlarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.

Sankt-Peterburg shahriga tashrif buyurgan delegatsiya tarkibidan Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi, Xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi vakillari oʻrin oldi.

Uchrashuvlar yakunida Turizm va sport vazirligi Sankt-Peterburgdagi ziyorat turizm targʻibot tadbirlarini oʻtkazishda yaqindan yordam bergan Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasiga hamda konsullikka minnatdorchilik bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер