Samarqandlik olimlar bugʻdoyning yangi navini yaratdi
Foto: Халқ сўзи
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali professori Gʻulom Gʻaybullayev rahbarligidagi samarqandlik olimlar bugʻdoyning yangi, serhosil navini yaratish ustida olib borayotgan ilmiy izlanishlari natijasini bermoqda. Oʻtkazilgan tajribalar, seleksiya ishlari samarasi oʻlaroq bugʻdoyning iqlim sharoitiga mos, barakali va ertapishar “Oʻzbekiston-30” va “Samarqand” navlari yaratildi. Ayni kunlarda mazkur navlar Respublika davlat nav sinash ilmiy markazida sinovdan oʻtkazilmoqda.
— Oʻzbekiston boshoqli don ekinlari hosildorligi boʻyicha dunyoda yetakchi oʻntalikka kirgan davlatlardan sanaladi, — deydi professor Gʻulom Gʻaybullayev. — Seleksiya ishlari Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi hamda “Farboma Selekt” ilmiy urugʻchilik fermer xoʻjaligi tomonidan integratsiyalashgan tarzda olib borilmoqda. Jomboy tumanida joylashgan ushbu urugʻchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligiga qarashli 80 gektar tajriba maydonida hozirga qadar bugʻdoyning «Jasmina», «Farboma», “Amira”, “Zarafshon” va arpaning “Bek” navlari yaratildi.
Eʼtiborli jihati shundaki, samarqandlik olimlar tomonidan «Kroshka» va “Sangzor-8” navlarini chatishtirish asosida yaratilgan bugʻdoyning «Jasmina» navi serhosil, iqlim sharoitiga mosligi bilan amaliyotda toʻliq oʻzini oqladi. Bugungi kunda ushbu nav viloyatning 13 ming gektardan ortiq yer maydonida va qoʻshni Jizzax, Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari dalalarida ekilmoqda. Hosildorligi ham yomon emas, oʻrtacha 60-70 sentnerdan oshirib hosil yigʻishtirib olinmoqda.
2022-yil hosili uchun viloyatdagi 472 ta urugʻchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligining 10 ming 414 gektar yer maydoniga bugʻdoyning «Jasmina», «Yaksart», “Davr”, «Farboma» singari navlari ekib parvarishlanmoqda. Joriy yil gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumi davomida 31 ming 462 tonna urugʻlik don yetishtirish rejalashtirilgan.
— “Oʻzagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan joriy yilning yanvar-mart oylarida gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarida 213 ta nazorat tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, shundan 76 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Aniqlangan holatlar boʻyicha huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanildi, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Xushnud Nurbekov. — Urugʻlik gʻalla ekilgan maydonlar begona oʻtlar va boshqa navlardan holi boʻlishi lozim. Zang kasalligi mavjud dalalardan urugʻlik gʻalla olinmaydi.
Sara urugʻlikdan moʻl va, eng asosiysi, import oʻrnini bosuvchi sifatli hosil olinadi. Bu esa toʻkin-sochinlik omilidir. Shu bois viloyatda urugʻlik gʻallani oʻrish uchun alohida oʻrim kombaynlari ajratilgan boʻlib, ularning barchasiga tegishli shartli belgilar oʻrnatildi. Shuningdek, urugʻlik gʻalla alohida urugʻlik sexlarida, navlar kesimida saqlanadi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring