Samarqanddan qariyb 200 ming dollarlik gilos eksport qilindi
Yoz yaqinlashishi bilan serhosil turli xil bir-biridan mazali mevalarimiz dasturxonlar koʻrkini, bozor rastalarining old qismini egallay boshlaydi.
Zahmatkash dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan ushbu mevalarimiz nafaqat ichki bozorlarimiz balki tashqi bozorlarda ham oʻz xaridorlariga egadir.
Serquyosh oʻlkamizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlarni eksport qilish mavsumi allaqachon boshlangan. Birin-ketin pishib yetilayotgan mahsulotlar jahon bozorlariga yoʻl olmoqda.
Ayni paytda gilos eksporti oʻzining qizgʻin pallasida. Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, joriy yilning 27-may holatiga koʻra, Samarqand viloyatida jami 102 tonna, qiymati 195 ming AQSH dollarlik gilos eksport qilindi.
Ushbu mavsumda Rossiya Federatsiyasi va qoʻshni Qozogʻiston oʻzbek gilosining asosiy xaridori ekanligini taʼkidlab oʻtish mumkin.
Raqamlardan koʻrish mumkinki, eksport qilinayotgan oʻzbek gilosining eng katta qismi ushbu ikki mamlakat hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Shuningdek, maʼlumot tariqasida Respublika eksportyorlari tomonidan ham Belarus, BAA, Polsha, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkmaniston, Tailand kabi davlatlarga 200 tonnaga yaqin gilos eksport qilingan.
Ayni damda Samarqand viloyatida roʻyxatdan oʻtgan eksportyorlar tomonidan gilos eksporti operatsiyalari davom etmoqda. Bunda esa viloyat bojxona xodimlari tomonidan hozirgi sharoit karantin talablariga rioya etilgan holda tovarlarni eksportga rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirilgan tartibda tez fursatlarda amalga oshirilmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring