Samarqandda toʻqsonbosti ekinlari yangicha usulda ekilmoqda

14:29 25 Oktyabr 2023 Jamiyat
378 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Joriy yilda Samarqand viloyatda 42 ming gektar maydonda toʻqsonbosti usulda sabzavot ekinlari ekish belgilangan.

Bu tadbir, avvalo, viloyat aholisini bahor oylarida ertagi sabzavot mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash hamda ertagi eksportbop mahsulotlar yetishtirishga qaratilgan. Bu usulning yana bir afzal jihati, kamxarj va kam suvdan foydalangan holda mahsulot yetishtirish hisoblanadi. Shu bois viloyatdagi fermer xoʻjaliklarining 1962 gektar ochiq yer maydoni, 4011 gektar bogʻ-tok qator orasi, 31821 gektar aholi tomorqasi va 4206 gektar dehqon xoʻjaliklari maydonlarida toʻqsonbosti usulida ekinlar ekish davom etmoqda.

Tanlangan yer maydonlarida piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, karam, osh lavlagi, koʻkatlar kabi odatiy sabzavotlar bilan birga, aysberg, brokolli, kolrabi, gulkaram, sedana kabi bozorgir, eksportbop va daromadi yuqori ekinlar ham ekilyapti.

Ekinlardan yuqori hosil olish maqsadida 5797 tonna urugʻlik, 3360 tonna yoqilgʻi moylash materiallari va 9660 tonna mineral oʻgʻit zaxirasi yaratilgan.

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, toʻqsonbosti ekinlaridan 2024-yil bahorida 817 ming 468 tonna mahsulot olinishi kutilmoqda. Bu albatta, bahor mavsumida bozorlarimiz toʻkinligi va aholining isteʼmol talabini qondirishga xizmat qiladi. Yetishtirilgan mahsulotning 11 224 tonnasini eksport qilish, 12 503 tonnasini qayta ishlash va 79 3740 tonnasini ichki bozorga chiqarish va aholi isteʼmoli uchun yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

Tumanlarda bu jarayon davom etmoqda. Masalan, Bulungʻur tumanida 2024-yil bahorgi hosil uchun 3042 gektar maydonda toʻqsonbosti usulida ekin ekish rejalashtirilgan.

— Dehqonlarimiz avgust va sentyabr oylariga rejalashtirilgan piyoz va sarimsoqpiyozni ekib, undirib olishdi, hozirda sabzavot ekish ishlari davom etmoqda, — deydi tuman qishloq xoʻjalik boʻlimi boshligʻi Dilshod Sulaymonov. — Hisob-kitoblarimizga koʻra, dehqonlarimiz toʻqsonbosti ekinlaridan 9503 tonnadan ortiq, yaʼni qariyb 29 milliard soʻmlik hosil yetishtirish va qoʻshimcha 533 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.

Tumandagi “Mingchinor” va Abdusalom Mahsumov nomli muqobil MTP hududidagi fermer xoʻjaliklari dehqonlari toʻqsonbosti usulida ekin ekib, yuqori hosildorlikka erishishda yangicha usullarni ham sinovdan oʻtkazishmoqda. Masalan, avvalgi odatiy usulda sarimsoqpiyoz qator ustida 3 tadan urugʻ donalab ekilgan boʻlsa, bu yildan ular sarimsoqpiyozni alohida qatorga ekishni sinovdan oʻtkazishyapti. Bu birinchidan, texnik ishlov berishni yaxshilasa, ikkinchidan, hosildorlikni oshiradi. Yaʼni, odatiy usulda gektaridan 4 tonnagacha sarimsoqpiyoz olingan boʻlsa, yangi sinovda hosildorlik gektariga 6-8 tonnaga yetadi.

— 35 gektar yer maydonimiz bor, bu yil 9 gektar maydonda toʻqsonbosti usulida piyoz va sarimsoqpiyoz ekdik, — deydi tumandagi “Bobojon ota” fermer xoʻjaligi boshligʻi Kamoliddin Bobojonov. — Xoʻjaliklarda bu yildan piyoz va sarimsoqpiyoz yetishtirishda yangi usullardan foydalanyapmiz. Avval piyozni avgust oyida issiqxona usulida koʻchat tayyorlab, oktyabrda dalaga ekardik. Bu yil piyozni urugʻidan seyalkada ekishni boshladik. Bu usulning afzalligi shundaki, hosil bir oy oldin tayyor boʻladi, ishchi kuchi, vaqt, xarajat tejaladi, hosildorlik gektariga 30 foizga yuqori boʻladi. Dastlabki hisobimizga koʻra, toʻqsonbosti ekinlaridan 1 milliard 100 million soʻm daromad olishni koʻzlaganmiz. Yetishtiriladigan mahsulotning sotilishi borasida tashvishimiz yoʻq, tumanimizdagi “Bulungʻur Sandvik” korxonasi bilan shartnoma imzolaganmiz.

Xullas, viloyatda erta bahorgi dasturxonlarimiz toʻkinligi yoʻlidagi yumushlar qizgʻin davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер