Samarqandda “Sifatli taʼlim — kuchli jamiyat” shiori ostida Ustozlar milliy forumi oʻtkazildi

00:57 20 Avgust 2023 Jamiyat
1497 0

Foto: Xalq soʻzi

Forumda viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi muassasalar direktorlari, xalq taʼlimi aʼlochilari, ilgʻor va tajribali pedagoglar qatnashdi.

Forumning ochilish marosimida soʻzga chiqqan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov barcha ustoz-murabbiylarni davlatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan tabrikladi.

— Xabaringiz bor, biz ikkinchi marta ustozlar milliy forumini oʻtkazyapmiz. Bundan koʻzlangan maqsad shuki, har bir rejamiz, harakatimiz pirovardida taʼlim sifatining oshishiga, uning amaliy samarasini taʼminlashga qaratilsin, — dedi viloyat hokimi. — Forumda ana shu boradagi vazifalarni aniqlash, belgilash hamda ijrosini taʼminlash chorasini koʻrish uchun, aniqrogʻi, yuzma-yuz, samimiy, xolisona muloqot qilish uchun sizlarni ushbu anjumanga taklif etdik.

Ochigʻini aytsam, ustoz, murabbiy qalbi ohanrabodek, kishi eʼtiborini oʻziga doimo tortib turadi. Ana shu mehrdan oʻz vaqtida bahramand boʻlganligim uchun ham uning qadriga yetaman. Va sizlardek fidoyi, bilimdon, zukko, mehribon ustozlar oldida doimo taʼzimdaman.

Mamlakatimizda keyingi yillarda yangi maktablar qurish, eskilarini taʼmirlash, ularni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, oʻqituvchi manfaatdorligini oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bugungi kunda viloyat boʻyicha 162 nafar oʻqituvchi har oyda oylik maoshidan tashqari besh yarim million soʻmdan ustama olyapti. Chunki ularning shogirdlari nufuzli oliy oʻquv yurtlariga talabalikka qabul qilingan, olimpiadalar, hatto xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib yoki sovrindor boʻlgan. Quvonchimiz shuki, bunday oʻquvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Shuningdek, forumda soʻzga chiqqan viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Shokir Sultonov oʻtgan oʻquv yilida erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan xato-kamchiliklar, taʼlim tizimidagi islohotlar, yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik borasida toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, 2022-2023 oʻquv yilida maktab bitiruvchilarining 1238 nafari muddatidan oldin talabalar safiga qabul qilindi. 472 nafar oʻquvchi “TOP-1000” talikka kirgan oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirdi.

Forum doirasida yangi oʻquv yilida maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida taʼlim-tarbiya sifatini yangi bosqichga olib chiqish, sohada ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olish, Prezident maktablarining ilgʻor tajribasini keng joriy etish, xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan oʻquv reja, dastur va oʻquv-metodik majmualarni samarali joriy qilish boʻyicha yangi rejalar belgilab olindi.

Tantanali tadbirda bir guruh ilgʻor oʻqituvchi-murabbiylar taqdirlandi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер