Samarqandda Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya boshlandi
Foto: "Xalq so'zi"
Konferensiyaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaatini Bosh vazir Abdulla Aripov oʻqib eshittirdi.
Shundan soʻng tadbirning yalpi masjlisi bo'lib o'tdi. Ikki kun davom etadigan mazkur xalqaro anjuman FAO (BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti) texnik koʻmagida Oʻzbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan.

Xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan xorijiy ekspertlar, vazirlar va diplomatlar, shuningdek xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, ilmiy tashkilotlar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalardan vakillar anjuman doirasida dunyodagi global oʻzgarishlar borasida oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashmoqlar.

Anjumanda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlarini ishlab chiqish, toʻgʻridan- toʻgʻri oʻzaro yetkazib berishning kelishilgan sxemalarini shakllantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasining barcha sohalarida, shu jumladan suv va yer resurslari, raqamlashtirish va innovatsiyalar, dengizga chiqa olmaydigan mamlakatlarga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, “Yashil” va ekspress yoʻlaklarni tashkil etish masalalari, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirishdagi innovatsion va yaxshi natija bergan loyihalarga keng oʻrin ajratilgan.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) baholariga koʻra, dunyo boʻylab 2,3 milliard inson sust yoki oʻtkir oziq-ovqat xavfsizligi yoʻqligi holatida yashamoqda. Ularning 566 millioni (25%) Osiyoda istiqomat qiladi. Bugun butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda.

Shundan kelib chiqib konferensiya doirasida milliy, mintaqaviy va global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning hozirgi holati toʻgʻrisida keng fikr almashilmoqda. 2030-yilgacha ochlikni yoʻq qilish, barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda aniq vazifalarni oʻz ichiga olgan “Nol ochlik”ka erishish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish holati chuqur tahlil qilinyapti.

Mazkur anjuman doirasida Oʻzbekistonning agrar tarmoqni isloh qilishdagi yutuqlari taqdimot qilinadi. Unda mehmonlarga Oʻzbekistonning agro va oziq-ovqat sohasidagi salohiyati, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi yondashuvlari namoyish etiladi. Urugʻchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning klaster, kooperatsiya, agrologistika usullari bilan tanishtiriladi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston agrooziq-ovqat salohiyati” koʻrgazmasi va I Oʻzbekiston agrooziq-ovqat investitsiya forumi oʻtkaziladi. Forumda Germaniya, Italiya, Isroil, Vengriya, Koreya Respublikasi, Polsha, Ozarbayjon, Qozogʻistondan 50 dan ziyod kompaniya qatnashadi.
Investitsiya forumi doirasida xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlarini, yirik loyihalar boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishga oid kelishuvlar, savdo bitimlari imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Konferensiya oʻz ishini davom ettirmoqda.





















Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Foto: Hasan Paydoyev, Yunus Boʻriyev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring