Samarqandda Oʻzbekiston oftalmologlarning uchinchi Xalqaro Kongressi oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Koʻhna Samarqand shahrida ikki kun davomida Oʻzbekiston oftalmologlarining uchinchi xalqaro Kongressi onlayn va oflayn formatida oʻtkazildi.

Anjumanda Germaniya, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Ozarbayjon, Ukraina, Qozogʻiston, Armaniston, Shveysariyadan 1500 nafardan ziyod oftalmolog ishtirok etdi. Shuningdek, Respublikamizdan 500 dan ziyod oftalmologlar qatnashdi.

Kongressda respublikamizning yosh oftalmolog olimlari oʻz maʼruzalari bilan chiqishi uchun alohida seksiya tashkil etilgani ham muhim ahamiyat kasb etadi. Anjumanda oftalmologiyaning deyarli barcha yoʻnalishdagi dolzarb muammolari, keng tarqalgan koʻz kasalliklari diagnostikasi va davolash usullari qamrab olingan, bu esa ishtirokchilarning yanada chuqurroq ilm olishi, tajriba almashishi, malakasini oshirish imkonini yaratdi.

— Biz Amerikaning Damba shahridagi tibbiyot klinikasida bu yoʻnalishda hamkorlikda amaliy ishlar olib boramiz, — deydi xalqaro anjuman ishtirokchisi, AQSHlik mutaxasis Erik Abdullayev. — 20 yildan buyon koʻz mikroxirurgiyasi bilan shugʻullanamiz. Hamkorlik doirasida xirurgiya yoʻnalishi boʻyicha zamonaviy usullar yordamida mutaxassislarni tayyorlaymiz. Bundan tashqari koʻz jarrohligida shoxparda kasalliklarini davolashda samarali natijalarga erishmoqdamiz. Oftolmologiya sohasidagi mazkur anjuman kelgusida bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro anjumanning ikkinchi kunidagi sessiya yigʻilishlari savol-javoblarga boy tarzida oʻtganligi ham ishtirokchilar uchun qiziqarli boʻldi.

Anjuman davomida xorijdan tashrif buyurgan olimlar, mashhur amaliyotchi shifokorlar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi, yangi ilmiy qarashlarini bayon etdilar. Istiqboldagi hamkorliklar boʻyicha ham kelishib olindi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring