Samarqandda mansabdorlar pora bilan qoʻlga tushdi
Foto: Xalq so‘zi
DXX Samarqand viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qator tezkor tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Ana shunday navbatdagi tezkor tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Samarqand shahar boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari – Q.Sh.ning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qoʻyildi. Q.Sh. xizmat mavqeyidan foydalangan holda nafaqaga chiqish uchun ish staji yetarli boʻlmagan fuqarolarga hujjatlarni qalbakilashtirish yoʻli orqali nafaqalarini toʻliq rasmiylashtirib berish faoliyati bilan shugʻullanib kelgan.

U fuqaroga har safargidek nafaqaga chiqishi uchun umumiy ish staji yetmasligini bildirib, ushbu masalani ijobiy hal qila olishini aytadi. Evaziga esa fuqarodan 300 AQSH dollari miqdoridagi pulni oʻzining xizmat xonasida pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlandi. Hozirda Q.Sh.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xuddi shunday oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida DXX Samarqand viloyat boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari Adliya vazirligi Toyloq tuman yuridik xizmatlar markazi bosh yuristkonsulti Sh.B.ning korrupsion xatti-harakatini fosh etishdi.
Sh.B. oʻzining mansabdor tanishlari orqali toyloqlik fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga hamshiralik lavozimiga ishga joylashtirib qoʻymoqchi boʻladi. Bu “savob ishi” evaziga fuqarodan 500 AQSH dollari talab qiladi. Tadbir jarayonida Sh.B. pulni fuqarodan olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Hozirda yuqoridagi shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring