Samarqandda maktabgacha taʼlim qamrovi ortmoqda

14:11 22 Iyul 2022 Jamiyat
624 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 340 ming 974 nafar bogʻcha yoshidagi bolalarning 65,3 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan. Shu yil yakuniga qadar esa 3-7 yoshli bolalarning MTTga qamrovini 72,7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Ayni shu maqsadda yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari qurilishi jadal surʼatda olib borilmoqda. Kuni kecha Nurobod tumanining “Doʻstlik” mahallasida 20-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Tuman viloyatning chekka hududlaridan sanaladi. “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini esa tuman markazidan birmuncha uzoqda joylashgan. Bugungacha bu yerda bitta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasa mavjud boʻlib, 3-7 yoshli bolalarning 338 nafari ushbu bogʻchaga qatnar edi.

“Titan stroy” MCHJ tomonidan viloyat mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan qurilgan davlat MTT binosi zamonaviy mebellar, oʻquv-uslubiy, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi oʻyin va oʻyinchoqlar bilan toʻliq taʼminlangan. Bundan qishloq bolalari va ularning ota-onalari juda mamnun.

Jomboy tumanidagi “Xolvoyi” MFYda joylashgan, 120 oʻringa moʻljallangan 24-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ham investitsiya dasturi asosida qurib foydalanishga topshirilgan. Unda 6 ta toʻliq asosiy guruhlar, 2 ta qisqa muddatli guruhlar faoliyat yuritadi. Mazkur muassasada yaratilgan sharoitlar natijasi oʻlaroq bu yerda tarbiyalanayotgan bolalar zukko, dono, hozirjavob, bilim olishga qiziqishlar yuqori.

Tumanning Samarqand mahallasida davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan “Yulduzli marjon” maktabgacha taʼlim tashkiloti ham shahar bogʻchalaridan qolishmaydi. 2021-yili qurilgan ushbu MTT quvvati yuz oʻrinli boʻlib, bolalarga xorijiy tillarni oʻrgatishda namunali tajriba toʻplangan. Bu yerda mashgʻulotlar oʻzbek, rus va ingliz tilllarida olib boriladi. Buning uchun alohida xonalar ajratilgan va malakali pedagoglar jalb qilingan.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер