Samarqandda “Kitobxonlik haftaligi” boshlandi
Yosh avlodning maʼnaviy saviyasi va intellektual salohiyatini kuchaytirishda kitobning oʻrni beqiyos. Bunga esa faqat va faqat kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish orqaligina erishish mumkin.
Shu maqsadda Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Aholi va yoshlar oʻrtasida kitob mutolaasini targʻib etish va kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda “Oʻqing, yangi kitoblar!” koʻrgazmasi tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari oʻrtasida “Oʻqigan eng yaxshi asaringiz qaysi?” mavzusida soʻrovnoma oʻtkazildi. Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura muzeyi hamkorligida “Sanʼat olamiga sayohat” koʻchma koʻrgazmasi tashkil qilindi.
— Yoshlarni miniatyura sanʼatiga qiziqtirish va bu sanʼatni qaytadan rivojlantirish maqsadida oʻz koʻrgazmalarimiz bilan Samarqandda qatnashyapmiz, — deydi miniatyurachi rassom, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi Kamol Mirzayev.
Samarqandda “Kitobxonlik haftaligi” 9-aprelgacha davom etadi. Unda “Eng yaxshi kitobxon oila” tanlovi, “Sevgan kutubxonamga kitob taqdim etaman” aksiyasi, turli ijodiy kechalar, ilmiy va badiiy adabiyotlar taqdimoti boʻlib oʻtadi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring