Samarqandda kinoijodkorlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Foto: «Халқ сўзи»
Shu yilning 15-avgustidan 15-sentyabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz boʻylab “Yangi Oʻzbekistonning yangi kinolari” oyligi doirasida “Kinokarvon” aksiyasi oʻtkazilmoqda.
Aksiya doirasida Samarqand shahridagi Markaziy harbiy okrugning madaniyat va maʼrifat markazida bir guruh ijodkorlar bilan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!» shiori ostida ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Anvar Azimov, Egamberdi Rahimov, aktrisalar Vazira Yunusova, Mukarram Bekmurodova, Anjilika Eshenbetova hamda aktyorlar Alixan, Dilshodbek Kattabekov hamda Akbarali Mavlonovlardan iborat ijodiy guruh Markaziy harbiy okrugda mehmon boʻlishdi.
Taniqli aktyor va aktrisalar uchrashuvda oʻzbek milliy kino sanʼatidan oʻrin olgan eng sara vatanparvarlik ruhidagi asarlar, ularning yaratilish tarixi hamda tasvirga olish jarayonlari haqida soʻzlab berishdi.
Shuningdek, uchrashuvda kinofilm va spektakllardan parchalar namoyish qilinib, Vatan va tinchlikni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.
Uchrashuv yakunida ijodkorlarga Mudofaa vazirligi va Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligining tashakkurnomalari taqdim etildi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring