Samarqandda it va mushuklarni zaharlab oʻldirgan mansabdorlar ishdan olindi
Shu kunlarda Samarqand shahridagi “Istiqbol” mahallasida itlar zaharlab oʻldirilishi voqeasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilmoqda. Bu holat albatta koʻpchilik fuqarolarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyul “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bogʻliq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 202-sonli qarori bilan qarovsiz itlarni tutish bilan joylarda obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish boʻlimlari shugʻullanishi belgilangan. Samarqand shahrida ham aynan ushbu masalaga Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi huzurida qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish boʻlimlari tashkil etilib, ushbu masalaga masʼul etib belgilangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video soha mutasaddilari va jamoatchilik vakillari ishtirokida atroflicha oʻrganib chiqilib, natijalari muhokama etildi.
Ming afsuski, ushbu hodisani itlarni oʻldirish bilan emas, aksincha, ularni davolash, roʻyxatga olish va oʻz vaqtida emlab borish kabi vazifalar bilan shugʻullanishi zarur boʻlgan Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi masʼullari amalga oshirganligi aniqlandi.
Oʻrganish natijalaridan kelib chiqib Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi O.Allamurodov hamda Samarqand shahar veterinariya boʻlimi Siyob vet- uchastka mudiri U.Rajabovlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Ular egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Bu kabi noqonuniy hatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaslik zarurligi haqida Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamda uning quyi boʻlimlari rahbarlari, vet uchastka mudirlari qatʼiy ogohlantirildi.
Mazkur holat yuzasidan aybdorlarga nisbatan qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlash maqsadida oʻrganish natijalari viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Shu oʻrinda viloyat hokimligi barcha samarqandliklarga murojaat qilib, shu kabi noqonuniy hatti-harakatlarga guvoh boʻlganda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, telegram messendjeri yoxud 1177 ishonch telefoni orqali hokimlikni xabardor qilishga hamkorlikka chaqiradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring