Samarqandda IIO xodimlari hojatxonaga tushib ketgan chaqaloqni qutqarib qoldi
Samarqand viloyatining Nurobod tumanida IIO xodimlari hojatxona oʻrasiga tushib ketgan chaqaloqni qutqarib qoldi. Bu haqda MY5 telekanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, toʻrt nafar bolaning onasi shifokor oldiga sogʻligʻidan shikoyat qilib borganidagina beshinchi farzandiga homilador ekanidan xabar topgan. Ayol oʻsha kuni hojatxonaga kirgan vaqtida koʻzi yorigan va kuchsiz holda chaqalogʻini ehtiyotsizlik bilan hojatxona teshigiga tushirib yuborgan.
Bola yigʻisini shu atrofda boʻlgan shifokorlardan biri eshitib qolgan va poliklinikaga yaqin hududda joylashgan IIB boʻlimi profilaktika inspektorlarini yordamga chaqirgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari uni chiqarib olish uchun hojatxona yonidan tuynuk ochgan. Ikki soat mobaynida oʻrada qolib ketgan chaqaloq uzoq urinishlardan soʻng chuqurdan chiqarib olgan.
Bola 1-mart kuni tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan. Taʼkidlanishicha, ayni paytda uning holati qoniqarli hamda shifokorlarning doimiy nazorati ostida maxsus intensiv xonada parvarishlanmoqda.
“Kelganida bola juda ham muzlab qolgandi, hozir ahvoli ancha tuzuk. Onasi ham oʻzini yaxshi his qilyapti, bergan savollarimizga yaxshi javob beryapti”, dedi shifokor Farmon Qoʻshmurodov.
Maʼlum boʻlishicha, chaqaloqqa uni qutqarib qolgan IIO xodimining ismini qoʻyishmoqchi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring