Samarqandda gʻalla oʻrish kombaynlari mavsumga shay

19:15 23 Aprel 2020 Jamiyat
1298 0

Illyustrativ foto

2020-yilning 14-aprel kuni Prezidentimiz rahbarligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish yuzasidan agrosanoat tizimi masʼullari oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Unda asosiy eʼtibor gʻalla va paxta yetishtirishda samaradorlikni yana-da oshirgan holda har gektar hisobidan, mavjud rejaga nisbatan paxtadan 10 sentner, gʻalladan 20 sentner qoʻshimcha hosil yetishtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Bundan koʻzlangan maqsad, butun dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish, aholi ehtiyojlarini sifatli va arzon qishloq xoʻjaligi hamda oziq ovqat masʼhulotlari bilan taʼminlashdan iborat.

Prezidentimizning ushbu tashabbusidan ruhlangan samarqandlik dehqonlar ham paxta va gʻalladan moʻl hosil yetishtirish maqsadida astoydil mehnat qilishmoqda. Ayni kunlarda viloyatimiz dalalarida 2020-yil hosili uchun chigit ekish bilan birga, gʻalla oʻrim-yigʻish mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida gʻalla oʻrish kombaynlarini mavsumga hozirlash ishlari tizimli asosda olib borilmoqda.

Shu maqsadda mavsumda qatnashadigan mavjud 295 ta yuqori unumli gʻalla oʻrish kombaynlari “Agroservis MTP” MCHJlarga qarashli 14 ta maskanlarga yigʻilgan boʻlib, taʼmirlash ishlari olib borildi.

Barcha maskanlarda karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan xolda texnika va texnologiyalar hamda zaruriy jihozlarni dezinfeksiya qilish tadbirlari bajarilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yilda gʻalla oʻrish kombaynlarini mavsumga hozirlash maqsadida 6 milliard 110 million soʻm mablagʻ oʻzlashtirilishi evaziga mavjud gʻalla oʻrish kombaynlari mavsumga shay holatga keltirildi. Qishloq xoʻjaligi texnika vositalarini mavsumga tayyorlash tadbirlarida 700 nafarga yaqin muhandis-texnik xodimlar faol ishtirok etishdi.

Gʻalla oʻrish mavsumida qatnashadigan kombaynlarning mavsumga shayligi holati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va hamkor tashkilotlar vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi tomonidan koʻzdan kechirilmoqda.

Oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlarida, gʻalla oʻrish kombaynlarining texnik holati bilan birga, muhandis-texnik xodimlar, mexanizatorlar uchun yaratilgan kundalik ehtiyoj vositalari, ularning moddiy manfaatdorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Respublika ishchi guruhining xulosasiga koʻra, hozirgi vaqtda mavjud kombaynlarning barchasi mavsumga shay holatga keltirildi. Bularning barchasidan koʻzlangan maqsad, joriy yilda viloyatdagi mavjud 101 ming 230 gektar yer maydoniga ekilgan gʻalladan moʻl hosil yetishtirib, aholi maʼmurchiligi va dasturxonlarimiz toʻkinligi uchun puxta zamin hozirlashdan iborat.

Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda kun kutib turmaydi. Hayot davom etmoqda. Shu sababli aholini arzon va sifatli oziq ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida samarqandlik dehqonlar ham tobora kuchli shijoat, qatʼiylik bilan mehnat qilishmoqda. Hozirgi vaqtda gʻallazorlarda barq urib rivojlanayotgan gʻalla hademay boshoqqa kirib donga, soʻngra dasturxonimizdagi shirmoyi nonga aylanadi. Gʻalladan moʻl hosil yetishtirish, uni nest-nobud qilmasdan yigʻib-terib olish esa agrotexnik tadbirlarga ogʻishmay amal qilishimizga bogʻliq.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер