Samarqandda gʻalla hosildorligi oʻrtacha 70 sentnerdan oshdi
Foto: Xalq so‘zi
Prezidentimizning 2021-yil 15-noyabrdagi “Gʻalla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq gʻallachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari har gektar sugʻoriladigan maydondan oʻrtacha 2,5 tonnadan donni erkin birja savdolarida, qolgan qismini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida erkin sotish imkoniyati yaratildi.
Ayni paytda Samarqand viloyatining 13 tumanidagi 4 ming 650 fermer xoʻjaligi tomonidan 94 ming 130 gektar maydonda yetishtirilgan boshoqli don hosilini oʻrib-yigʻib olish ishlari davom etmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, gʻalla oʻrim-yigʻim ishlariga biriktirilgan 274 ta kombayn yordamida 755 ming 337 tonnalik xirmon yaratish kutilyapti.
Eʼtiborlisi, bu yil viloyatda gʻalla hosildorlik oʻrtacha 71,1 sentnerni tashkil qilmoqda. Fermer xoʻjaliklari tomonidan don korxonalariga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida topshirilayotgan gʻallaning 78,1 foizi davlat zaxirasiga va 21,9 foizi vaqtincha saqlash omborlariga qabul qilinmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring