Samarqandda Firdavsiy maydoni ochildi

01:28 11 Sentyabr 2022 Jamiyat
1883 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand shahrining Firdavsiy koʻchasida qomusiy olim Abulqosim Firdavsiy maydoni ochildi.

Shu munosabat bilan boʻlib oʻtgan tadbirda viloyat faollari va Samarqand shahar jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar madrasa va masjidda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Tadbirda soʻz olganlar Prezidentimizning tashabbusi bilan viloyatda keyingi yillarda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligini taʼkidlashdi.

Xususan, Firdavsiy koʻchasi va bu yerdagi tarixiy Panjob madrasasi taʼmirlanishi xalqimiz maʼnaviy merosini asrab-avaylash borasidagi ishlarning yorqin ifodasi boʻldi.

Bu yerda mavjud 24 ta xonada fors, arab va ingliz tillarini oʻqitish, milliy liboslar, kashtachilik, bichish-tikish, ipak gilami toʻqish, zargarlik, haykaltaroshlik, yogʻoch oʻymakorligi, musiqa asboblari yasashga oʻqitish va oʻrgatish, kutubxona va madrasa tarixi muzeyi, kitoblar va shu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar savdosi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Binoda maxsus muzokaralar va uchrashuvlar oʻtkazish xonasi tashkil qilindi hamda “Oʻzbekiston-Eron doʻstlik jamiyati”ning ishi faollashtirildi. Homiylar koʻmagi bilan madrasa binosiga tutash “Panjob” masjidida taʼmirlash va jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari madrasa atrofidagi ayrim bino va inshootlar boshqa joyga koʻchirilib, koʻrkam maydon tashkil etildi va shu paytgacha madrasa hovlisida boʻlgan Abulqosim Firdavsiy haykali ushbu maydonga oʻrnatildi.

Firdavsiy nomi bilan ataluvchi 3,2 kilometr masofadagi koʻcha toʻliq taʼmirlanib, asfalt yotqizildi, piyodalar yoʻlaklari, suv quvurlari, elektr va aloqa tarmoqlari tartibga keltirildi, tungi yoritgichlar oʻrnatildi, svetofor tarmoqlari yangilandi, yoʻl boʻylab gulzorlar yaratildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер