Samarqandda faol tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda

16:24 13 Sentyabr 2023 Jamiyat
370 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida Prezident Farmoniga asosan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan faol tadbirkorlar joylarda aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri Samarqand tumanining Urganji mahallasida boʻlib oʻtdi va unda “Doʻstlik” ordeni sohibi, faol tadbirkor, Samarqand shahridagi “Samarqand Tian Zhu Silk Worm” qoʻshma korxonasi taʼsischisi Salohiddin Bobomurodov yigʻilganlarga oʻz biznesi muvaffaqiyatlari haqida soʻzlab berdi.

S. Bobomurodov mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar, berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida soʻzlar ekan, bunday gʻamxoʻrlikdan unumli foydalanib, yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshish bugungi yoshlarimizning asosiy vazifasiga aylanishi zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, uchrashuvda ushbu imkoniyatlardan keng foydalangan holda Samarqand tumanida iqtisodiy va moliyaviy bilimga ega boʻlgan tadbirkorlar sonini oshirish, ularning tajribalaridan foydalanish, istiqbolli rejalarni amalga oshirish va shu orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish lozimligi aytib oʻtildi. Kichik biznesni yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish yuzasidan berilgan savollarga tadbirkor tomonidan batafsil javob berildi.

Xuddi shunday uchrashuvlarning navbatdagisi bulungʻurlik tadbirkor, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Mehriniso Umumrzaqova ishtirokida tashkil etildi. Uchrashuvda tadbirkorlik faoliyatiga qiziquvchi, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan yigit-qizlar va soha masʼullari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida tadbirkor M. Umurzoqova oʻzining sohadagi koʻp yillik hayotiy tajribasini yigʻilganlar bilan oʻrtoqlashdi. Bunda eng avvalo, ishni kichik loyihalardan boshlash lozimligini uqtirib oʻtdi.

— Bugungi kunda 4-5 ta kichik bizneslarim ishlab turibdi. Biroq, shu bilan toʻxtamoqchi emasman. Hali oldinda rejalarim koʻp. Qilayotgan mehnatlarimning samarasini koʻrsam, barcha charchoqlarim chiqib ketadi. Istasangiz, uyimga boring, sizlarga ham oʻrgataman, — deydi M. Umurzoqova.

Samarqand davlat universitetining Kattaqoʻrgʻon filialida “Shuhrat” medali sohibi, faol tadbirkor Anvar Norboyev bilan oʻtkazilgan uchrashuv hayajonli lahzalarga boy boʻldi. Yoshlar bilan muloqotda tadbirkor muvaffaqiyatlar kaliti eng avvalo bilimda ekanligini, bu yoʻlda talabalikning har bir lahzasidan unumli foydalanish zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, berilayotgan imkoniyatlar haqida oʻz fikrlarini bayon qildi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, bunday uchrashuvlar oʻzining halol mehnati bilan yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlarning faoliyatini ommalashtirish, aholi orasida tadbirkorlik muhitini shakllantirish va yoshlarning biznes sohasidagi huquqiy bilimini oshirishga xizmat qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер