Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda
Bugun, 16-may kuni Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik Yigʻilishi oʻz ishini boshladi. Bu yilgi mavzu (Investing in Resilience) “Barqarorlik uchun sarmoya kiritish”, deb nomlandi.
Uch kun ichida Samarqand 73 ta davlatdan 2000 dan ortiq mehmonni qabul qiladi. Ular orasida xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi taniqli ekspertlar, jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari bor.
Yigʻilish doirasida 50 dan ortiq panel muhokamalari, hamkorlik sessiyalari, yuqori darajadagi tadbirlar, matbuot anjumanlari, Bankning institutsional tadbirlari va boshqa iventlar oʻtkaziladi. Xalqaro savdo, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, bozorlarni kengaytirish uchun raqamlashtirishning ahamiyati, YETTBning “Yashil shaharlar” dasturini amalga oshirish, mintaqaviy iqtisodiyot istiqbollari — muhokama qilinadigan masalalar qatoridadir.
Tadbir doirasida biznes-forum, bir qator investitsiya bitimlari va shartnomalari imzolanadi. Birinchi kunning oʻzidayoq “Oʻzsanoatqurilishbank” va YETTB oʻrtasida moliyalashtirish liniyasini jalb qilish boʻyicha Bitim, YETTB va Mastercard inklyuziv oʻsish markazi oʻrtasida Memorandum, shuningdek, YETTB va ACWA Power oʻrtasida imzolash marosimi rejalashtirilgan.
Bu hali boshlanishi. Maʼruzachilar taʼkidlaganidek, tasdiqlanishi rejalashtirilgan hujjatlar ahamiyati, shuningdek, yuqori darajadagi mehmonlarning tadbirda ishtirok etishi xalqaro hukumat va sarmoyaviy doiralarning Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli institutsional islohotlar va oʻzgarishlarga boʻlgan ishonchining oshishidan, mamlakatimizni koʻproq oʻrganish va unga yaqin boʻlish istagidan dalolat beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring