Samarqandda “Bir nuroniy — oʻn yoshga masʼul” tanlovining viloyat bosqichi oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Prezidentimizning “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori asosida “Bir nuroniy — oʻn yoshga masʼul” tamoyiliga muvofiq, har bir mahalladagi yoshlar katta hayotiy tajribaga ega hamda zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga biriktirilishi belgilangan edi. Shunga koʻra, Samarqand viloyatida mavjud 1126 mahalladagi nuroniylar yoshlar bilan faol ish olib borishmoqda.
Shu asosda oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda tuman, shahar bosqichlarida birinchi oʻrinni egallagan nuroniylar uchta shart boʻyicha bahs olib borishdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, birinchi oʻrinni Kattaqoʻrgʻon shahri vakili Bahriddin Shomamatov qoʻlga kiritib, koʻrik-tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanma oldi, ikkinchi oʻrinni payariqlik Ismoil Boltayev, uchinchi oʻrinni narpaylik Hamza Roʻzimurodov egalladi.
— Mazkur ijtimoiy loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad ibratli va katta hayot tajribasiga ega nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb qilishdan iboratdir, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi Shuhrat Negmatov. — Eng muhimi, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasida keksa avlod vakillari tajribasidan keng foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalarda barqaror muhitni vujudga keltirishda faol ishtirok etayotgan nuroniylarni ragʻbatlantirishga qaratilgan. Albatta, bu oʻzining ijobiy samaralarini beradi deb ishonaman.
Tanlov yakunida gʻolib va sovrindorlar, faol ishtirokchilarga pul mukofoti hamda esdalik sovgʻalar topshirildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring