Samarqandda bir necha mansabdor qoʻlga olingan

13:32 20 Dekabr 2023 Jamiyat
658 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida davlat mulkini talon-toroj qilish va korrupsiya bilan bogʻliq holatlarning oldini olish, bu illatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida bir qator tezkor tadbirlar oʻtkazildi. Bu haqda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.

Mazkur tadbirlar chogʻida bir guruh davlat xizmatchilari ana shunday qabih ishga qoʻl urgani aniqlandi. Xususan, 1987-yilda tugʻilgan, “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z. koʻp miqdordagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilgan. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali metrologiya xizmati boshligʻi, 1966-yilda tugʻilgan R.J. esa oʻz mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining norasmiy rahbari О.А. tomonidan oʻgʻirlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, yetkazib berilgan va isteʼmol qilingan tabiiy gaz hisob-kitobini muntazam oʻzgartirib kelgan. Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy oʻgʻirlik holatlari mavjudligini bilsada masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi taʼsir koʻrsatgan. Ayni paytda R.J.га nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur holatga 1982-yilda Narpay tumanida tugʻilgan, “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali “Narpaytumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan Z.А. ham koʻmaklashib, “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining noqonuniy faoliyatini qoʻllab-quvvatlagan va amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida ularni oldindan xabardor qilib kelgan. Hozirda, Z.А.га nisbatan ham jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.

Yana bir holatda 1987-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” Samarqand filialida chakana boʻlim boshligʻi lavozimida ishlagan Sh.Y. oʻz mansab vakolatidan foydalangan holda oʻzining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 million soʻm kirim qilib, ushbu mablagʻning barchasini «1 XVET” qimor oʻyiniga tikib, yutqazib qoʻygan. Ushbu holat yuzasidan Sh.Y.га nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 5-yil ozodlikdan mahrum qilish va 2-yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Samarqand viloyati “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi” direktori, 1980-yilda Samarqand shahrida tugʻilgan S.G. hamda markaz bosh hisobchisi, 1968-yilda Urgut tumanida tugʻilgan fuqaro А.J. oʻzaro jinoiy til biriktirgan holda, markaz mablagʻlarini talon-taroj qilib kelganligi aniqlandi. Markazning 2016-2023-yillardagi faoliyati oʻrganilganda bu mansabdor shaxslar 1,3 milliard soʻm mablagʻni oʻzlashtirib yuborganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan ham jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер