Samarqandda 3 nafar fuqaro IIO xodimini kaltakladi

10:47 30 Iyul 2024 Jamiyat
501 0

Foto: Videodan kadr

Samarqandda profilaktika inspektorini urgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, 2024-yil 23-iyul kuni soat 17:30 larda Samarqand shahar Siyob mahallasida yashovchi fuqaro navbatchilik qismining “102” qisqa raqamiga murojaat qilib, Oqdaryo tumani Navroʻz mahallasi Zarafshon koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uylar oldida notanish fuqarolar uni urib, tan jarohati yetkazgani hamda unga tegishli “Nexia-3” rusumli avtomashinasining oynalarini sindirganini maʼlum qilgan.

Chaqiruvga asosan Oqdaryo tumani ichki ishlar boʻlimi inspektori katta leytenant Oʻtkir Burqiyev voqea joyiga yetib borib, janjal qilgan fuqarolarni Navroʻz mahallasida joylashgan xizmat xonasiga olib borgan. Holatga aniqlik kiritish maqsadida murojaat qilgan fuqaro bilan suhbatlashib turgan vaqtida huquqbuzarlar — 35 va 19 yoshli yigitlar hamda 45-50 yoshlar atrofidagi ayol “nima uchun xizmat xonasiga birinchi bizni kiritmaysan, biz ham “102” raqamiga murojaat qilganmiz”, deya janjal koʻtargan.

Inspektor ishiga xalal bermay turishini, navbat bilan gaplashishini aytgan, biroq ular xodimni haqoratlab, xonadan chiqib ketgan. Inspektor ularga ketib qolmasligini, qolaversa holat boʻyicha tushuntirish xatlari olishi lozimligini aytgan vaqtida, ayol kishi kelib xodimning kiyimidan tortib qattiq haqoratlay boshlagan.

“Jahl kelsa, aql ketadi naqliga muvofiq, gʻazabi qaynagan ikki erkak mushtiga zoʻr berib, shu vaqtda profilaktika inspektorini urib-tepadi va yiqitib tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazgan”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, shundan soʻng uchala fuqaro ham oʻzlariga tegishli boʻlgan avtomashinaga oʻtirib, voqea joyidan ketib qolgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda 3 nafar gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер