Samarqand viloyatida jinoyatchilik holati va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi
Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Samarqand viloyatida jami 15 998 ta jinoyat hisobga olingan boʻlib, bu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan qariyb 70 foizga oshganini anglatadi. Qayd etilishicha, jinoyatlarning 7 601 tasi (48 foizi) axborot texnologiyalari sohasiga taalluqli boʻlib, ushbu yoʻnalishdagi jinoyatlar salmogʻi sezilarli darajada ortgan.
Shu bilan birga, viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 429 ta jinoyatning hisobdan yashirilgani aniqlanib, ular belgilangan tartibda markazlashgan jinoyatlar hisobotiga kiritilishi taʼminlandi.
— Davlatimiz rahbarining 2025-yil 3-yanvardagi “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, har bir mahallada huquqbuzarliklarning erta oldini olish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan yangi mexanizm joriy etildi, — dedi viloyat prokurori Murodqosim Eshnazarov. — Barcha tuman va mahallalar kesimida choraklik manzilli “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Natijada mahallalarda 404 ta oʻgʻrilik, bezorilik va boshqa turdagi jinoyatlar, shuningdek, 476 nafar shaxsning jinoyat qurboni boʻlishining oldi olindi. Shu davrda 6 128 ta jinoyat fosh etildi, 1 110 nafar qidiruvda boʻlgan shaxs ushlandi, shuningdek, avval hisobga olinmagan 3 241 ta jinoyat aniqlandi.
Qayd etilishicha, jinoyat sodir etilgan mahallalar soni oyma-oy kamayib bormoqda. Jumladan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar soni 118 tani tashkil etib, bu 2024-yilga nisbatan sezilarli kamayishni koʻrsatadi. Tegishli idoralar va mahallalar bilan oʻzaro hamkorlik natijasida viloyatda qotillik, bosqinchilik, nomusga tegish, oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari kabi aholi kayfiyati va jamoat xavfsizligiga bevosita taʼsir etuvchi jinoyatlar kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, tahlillar 2025-yilda sodir etilgan qotillik va tan jarohati yetkazish jinoyatlarining salmoqli qismi oilaviy-turmush munosabatlaridagi kelishmovchiliklar bilan bogʻliq ekanini koʻrsatmoqda. Xususan, zoʻravonlik va tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyatlarning 32 foizi (269 ta) hamda qotilliklarning 51 foizi (18 ta) aynan oilaviy nizolar oqibatida sodir etilgan.
Shu bois, “Oiladagi sogʻlom muhit — xavfsiz koʻcha va xavfsiz mahalla tayanchi” tamoyili asosida oilalardagi maʼnaviy-ruhiy muhitni sogʻlomlashtirish, ijtimoiy profilaktika tizimini yanada takomillashtirish hamda nizolarni barvaqt aniqlashga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring