Samarqand — Urumchi — Singan yo‘nalishida aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘lib, viloyat hokimligida o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etdi. Uchrashuvda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati va Xitoy viloyatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yana-da mustahkamlanyotganidan mamnunligini bildirdi. Elchi Samarqand shahri xitoy xalqida katta qiziqish uyg‘otayotgani, bu shubhasiz, turizmni rivojlantirishga xizmat qilishini ta'kidladi.
Muloqotda O‘zbekiston va Xitoy davlatlarini azaliy do‘stlik rishtalari va chuqur tarixiy rishtalar bog‘lab turganligi alohida ta'kidlandi. Hozirgi vaqtda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar barqaror rivojlanish sur'atini saqlab kelmoqda. Tomonlar davlat rahbarining joriy yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi bilan borib, “Xitoy — Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etganiga to‘xtalib o‘tishdi. Bu, o‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning samarali muloqotlari Xitoy—O‘zbekiston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichda rivojlantirish yo‘lini ko‘rsatdi.
Uchrashuvda qator kelishuvlarga erishildi, Samarqand Xitoyning bir qancha provinsiyalari bilan qardosh shaharga aylandi. Bugun esa Samarqandda madaniy, gumanitar, savdo iqtisodiy va boshqa sohalarda loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Tez orada yana bir loyiha — Samarqand —Urumchi —Singan yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnov ochilishi rejalashtirilmoqda. Elchi janoblari joriy yilda mazkur tashabbusni amalga oshirishni jadallashtirishda viloyat rahbaridan amaliy yordam so‘radi.
O‘z navbatida Erkinjon Turdimov Xitoyning rivojlangan provinsiyalaridan biri — Xenan bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotganini mamnuniyat bilan e'tirof etdi. Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida Xitoy provinsiyalari ishbilarmon doiralari bilan birgalikda rasmiy delegatsiya a'zolarining Samarqandga tashrif buyurishi ham ma'lum qilindi.
Yuzma-yuz muloqotda tomonlar umumiy taraqqiyot va farovonlikka intilib, hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatlar rahbarlarining kelishuvlarini to‘liq amalga oshirishga kelishib oldilar.
Abdulaziz YO‘LDOShEV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring