Samarqand tumanida bogʻ va tokzorlar kengaymoqda

15:33 10 Fevral 2022 Jamiyat
823 0

Foto: Халқ сўзи

Davlatimiz rahbarining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, sohada qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan soʻnggi besh yilda birgina Samarqand tumanida katta maydonlarda yangi intensiv bogʻlar tashkil etildi.

Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2016-yilga qadar tumandagi mavjud bogʻ maydonlarining 500 gektarini intensiv bogʻlar tashkil etgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib bu raqam 4 ming 820 gektarga yetdi. Shuningdek, 4 ming 415 gektar maydonda tokzorlar barpo etildi.

Intensiv bogʻlarning afzalligi shundaki, ularda daraxtlar boʻyi kichik boʻlgani uchun ularda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish qulay. Bunday bogʻlarda daraxt tanasiga yorugʻlik tushishi, havo aylanishi yaxshi boʻlganligi uchun mevasining sifati yuqori. Agarda oddiy bogʻlar 7-8 yilda toʻliq hosilga kirib, har gektar maydondan 12-15 tonna sarxil mevalar olinadigan boʻlsa, intensiv bogʻlardan esa 4-5 yilda 50-60 tonna hosil olish mumkin.

Yana bir gap. Intensiv bogʻlarda suv tejaydigan texnologiyalarni qoʻllash evaziga suv hamda mineral oʻgʻitlardan foydalanish samaradorligi keskin oshadi. Bir gektar oddiy usuldagi bogʻlarni sugʻorish uchun mavsum davomida 4,2 m3 suv resurslari sarflanadigan boʻlsa, suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan maydonlarda 1,73 m3 suv sarflanadi.

Shunga koʻra Samarqand tumanida oʻtgan yillar davomida 3 ming 617 gektar yer maydonidagi intensiv bogʻ va tokzorlarda suv tejamkor texnologiyalar joriy qilindi. Ayni yoʻnalishdagi ishlar bu yil davom ettirilmoqda.

— «Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand tuman boʻlimi tomonidan intensiv bogʻ va tokzorlarda zamonaviy, innovatsion texnologiyalarni joriy etish asnosida suv taqchilligining oldini olish, klaster korxonalari va fermer xoʻjaliklari tomonidan sifatli va eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilishi yuzasidan doimiy monitoring tadbirlari oʻtkazilmoqda, — deydi «Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand tuman boʻlimi boshligʻi Qurbon Qurbonov. — Shu maqsadda 2022-yilning oʻtgan yanvar oyi davomida hududlarda 7-marta koʻrgazmali seminarlar tashkil etildi. Unda asosan suv tejamkor texnologiyalarning afzalliklari, kam suv sarflab, yuqori hosil olish mezonlari batafsil tushuntirildi. Bunday tadbirlar bogʻbon-mirishkorlarimiz uchun suv tanqis sharoitda ham hosildorlikni tushirmay, salmoqli daromad topishlarida asqatishi shubhasiz.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер