Samarqand, Namangan va Termiz universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etiladi
“Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Farmonga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti “yurisprudensiya” mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash boʻyicha bazaviy oliy taʼlim va ilmiy-metodik muassasa etib belgilandi.
Shuningdek, Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etiladi va “yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha belgilangan tartibda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar boʻyicha qabul, shu jumladan tabaqalashtirilgan toʻlov kontrakt asosida qoʻshimcha qabul amalga oshiriladi.
Farmonga koʻra, davlat, huquq va siyosiy-huquqiy fikr sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti tashkil etiladi.
Farmon bilan yuridik taʼlim va fanni yana-da rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.
Zamonaviy talablar, ilgʻor xalqaro yuridik tajriba va mehnat bozori ehtiyojlari asosida yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan, halol kadrlar tayyorlashni taʼminlash ushbu ustuvor yoʻnalishlardan biridir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring