Samarqand davlat universitetida Navroʻz sayllari boʻlib oʻtdi

12:33 20 Mart 2024 Jamiyat
632 0

Foto: Shavkat Akramov

Samarqand davlat universitetida Navroʻz tantanalari erta tongdan boshlanib, bayram sayllariga ulanib ketdi. Milliy kuy-qoʻshiqlar, betakror raqslar, oʻzbek taomlari va liboslari namoyishi xorijlik mehmonlarda ham katta taassurot qoldirdi.

Bayram tadbirlarida Xitoy, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Polsha, Qozogʻiston, Tojikiston kabi davlatlaridan kelgan professor-oʻqituvchi va talabalar qatnashdi.

— Men ilk bor Navroʻz bayramida ishtirok etayamman, — deydi Samarqand davlat universiteti professori Arindan Banik (Hindiston). — Bizda Navroʻz nishonlanmaydi, lekin shunga oʻxshash 25-mart kuni holi-ranglar festivali bayrami tantanali oʻtkaziladi. Navroʻz va Holi bayrami bahorning kirib kelishi bilan nishonlanadi, shu jihati bilan bir-biriga oʻxshaydi. Oʻzbekistonda yangi yilni yanvar oyidan boshlanadi deb bilardim, lekin aslida Navroʻz kirib kelishi bilan yil boshlanishi meni hayratlantirdi. Bayramni qizgʻin nishonladik. Barcha quvnoq kayfiyatda. Samarqandda hindistonliklar juda koʻp. Bugun bayram bahonasida oʻnlab yurtdoshlarimizni koʻrib sevindim. Oʻzbekiston xalqiga bayram muborak boʻlsin!

— Oʻzbekistonga kelganimdan beri koʻp bayram tadbirlarida ishtirok etdim, — deydi Samarqand davlat universiteti psixologiya kafedrasi professori Yekaterina Fedosenko (Rossiya). — Navroʻz ular ichida eng goʻzali ekan. Xalqingizga xos milliy urf-odatlar, koʻrkam liboslar menda oʻzgacha taassurot qoldirdi. Hamkasblarim bayramga adras koʻylak sovgʻa qilishdi. U menga juda yoqdi. Toʻrt yildan buyon Oʻzbekistondaman. Samarqanddan tashqari Toshkent, Buxoro, Fargʻona, Xorazm, Andijon, Namangan shaharlarida boʻldim. Har bir kentning oʻz qadriyat va urf odatlari borligini his qildim.

— Uch yildan buyon Samarqanddaman, — Samarqand davlat universiteti Turkologiya ilmiy tadqiqot instituti oʻqituvchisi, PhD Emrah Yilmaz (Turkiya). — Har yili Navroʻz bayrami arafasida Turkiyaga ketishga toʻgʻri kelardi. Bugun Samarqand davlat universitetida kutib olish nasib qildi. Bundan juda xursandman. Turkiyada ham Navroʻz nishonlanadi. Bizda asosan milliy kiyimlar va tabiatga bagʻishlangan rasmlar koʻrgazmasi boʻladi. Oʻzbekistondagi Navroʻz bayrami qiziqarliroq ekan. Bunda qadriyatlar, turli xil sport oʻyinlari, cholgʻu ijrochiligi, kashta namunalari, xalq ogʻzaki ijodi kabi milliy qadriyatlar koʻproq namoyon boʻlmoqda. Turli xil taomlar qilinishi, dasturxonlaring bezatilishi bayramga yanada koʻrk qoʻshmoqda.

— Almashinuv dasturi boʻyicha Samarqand davlat universitetida tadqiqot olib bormoqdaman, — deydi Xitoyning Shaansi normal universiteti doktoranti Yu Xiang. — Xitoyda ushbu bayram «Na nu zi» deb ataladi. Bayram kuni Xitoyda dam olish deb eʼlon qilinadi. Samarqandda Navroʻz tantanalarini kutib oldik. Men uchun yangilik boʻldi. Bu bayramda begʻuborlik, mehmondoʻstlik, hamjihatlik borligi sezilib turibdi. Tantanalarda talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar meni hayratlantirdi. Hattoki tadbirga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar ham xursandchiligidan raqsga tushib ketishdi. Barchaga Navroʻz bayrami muborak boʻlsin!

— Oʻzbekistonga kelganimizga yetti oy boʻldi, bir qator bayramlarni koʻrdim, — deydi SamDU Inson resurslari va Mahalla taraqqiyotini boshqarish instituti talabasi Zhang Yuqi (Xitoy). — Men uchun har bir bayram doim yangilik boʻlgan. Bu galgisini katta qiziqish bilan kutib oldik. Taassurotlarim aʼlo darajada. Yosh yigit-qizlardan tortib, keksalargacha bayramni xush kayfiyatda oʻtkazishlari tahsinga sazovor. Eng qizigʻi, ushbu tantanaga hamjihatlikda tayyorgarlik koʻrishar ekan. Bayramni miriqib tomosha qildik. Men bundan xursandman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер