“Saxovat va koʻmak” mablagʻlari oilalar ogʻirini yengil qilmoqda
Foto: Illustrativ foto
Samarqand shahridagi Istiqbol mahallasida “Temir daftar”da roʻyxatda turgan oila bekasi Umida Umarova yashab turgan uy-joyi yaroqsiz holga kelib qolgani, ammo uni taʼmirlash uchun mablagʻi yoʻqligini bildirib, hokimlikdan yordam soʻragan.
Ushbu murojaat belgilangan tartibda oʻrganilgach, fuqaroning masalasi ijobiy hal etiladigan boʻldi. Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining qaroriga asosan, U. Umarovaga xonadonini taʼmirlash uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand shahar boʻlinmasi qoshidagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan 16,5 million soʻm mablagʻ ajratildi.
— Yashab turgan uyim juda taʼmirga muhtoj boʻlganligi, qoʻlim kaltaligi sababli murojaat qilishga majbur boʻldim, — deydi U. Umarova. — Endi sharoitimni yaxshilab olishga imkoniyatim bor. Koʻrsatilgan koʻmak uchun minnatdorman.
Umuman, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida fond qoshida tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobraqamiga joriy yilning 8 oyi davomida 25,7 milliard soʻmdan ortiq homiylik mablagʻlari kelib tushgan. Ushbu mablagʻlar hisobidan xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari qarorlariga asosan viloyatdagi 2856 ta ehtiyojmand oilaga 2,2 milliard soʻmlik, “Temir daftar”da turgan 5383 ta oila vakillari bandligini taʼminlash, sogʻligʻini tiklash va uy-joyini taʼmirlash uchun 16,4 milliard soʻmlik, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1086 nafar xotin-qizlarga 766,5 million soʻmlik moddiy yordam koʻrsatilgan.
Shuningdek, Samarqand shahridagi mahallalarda yashovchi, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan oilalarning 1000 nafar farzandlariga maktab formasi olib berish uchun 550 million soʻm mablagʻlar yoʻnaltirildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring