Saylovchilar bugun soat 8.00 dan 20.00 gacha ovoz berishi mumkin

07:41 24 Oktyabr 2021 Jamiyat
857 0

Bugun, 24-oktabr — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni. 

Saylov kodeksining 51-moddasiga koʻra, saylov kuni saylovchilar soat 8.00 dan 20.00 gacha ovoz berishi mumkin.

Bundan tashqari, saylovchi uchastka saylov komissiyasining aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatib, saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻygandan soʻng unga saylov byulleteni beriladi.

Saylovchi ism-familiyasi biron-bir sababga koʻra roʻyxatga kirmay qolgan boʻlsa, saylovchilarning familiyalari shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar roʻyxati ilovasiga kiritiladi. 

Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida toʻldiradi.

Byulletenni toʻldirish chogʻida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi.

Saylovchi byulletenni mustaqil ravishda toʻldirish imkoniyatiga ega boʻlmasa, oʻz xohishiga koʻra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli. Saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va OAV vakillari bundan mustasno.

Yoqlab ovoz berilayotgan nomzodning familiyasi roʻparasidagi oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga «+» yoki “✔️” yoxud «x» belgilaridan biri qoʻyiladi.

Ovoz berish vaqtida saylov byulleteni buzib qoʻyilsa, saylovchining iltimosiga koʻra yangisiga almashtirilishi mumkin.

Ayrim saylovchilar sogʻligʻining holatiga yoki boshqa sabablarga koʻra ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ushbu saylovchilarning iltimosiga binoan ular turgan joyda tashkil etadi.

Bunda tegishli komissiyaning kamida 2 nafar aʼzosi koʻchma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni 18 yoshga toʻlgan fuqarolar doimiy yoki vaqtincha yashash joylaridagi saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер