“Saylov va yoshlar” shiori ostida uchrashuv oʻtkazildi
Hulkar SHERZODOVA/“Xalq soʻzi”. Ona yurtimiz kelajagini belgilaydigan muhim voqealardan biri — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi joriy yilning 27-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi.
Hozirda mamlakatimizning barcha hududlarida Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va hamkor tashkilotlar tomonidan avgust, sentyabr va oktyabr oylarida yurtimiz boʻylab yosh saylovchilarning siyosiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Kuni kecha Yoshlar press-klubida “Saylov va yoshlar” shiori ostida siyosiy partiyalar va yoshlar oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
— Bugun siyosiy partiyalar yillik reja asosida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot topshirishdi, — deydi uchrashuv ishtirokchisi Sitora Hoshimova. — Uchrashuv davomida biz har bir partiya faoliyati bilan yaqindan tanishdik. Men yoshlar qanoti tomonidan ishtirok etdim. Bugungi uchrashuv aynan yoshlar bilan tashkil qilinganining asosiy maqsadi ham yoshlarda siyosiy partiyalar va saylovlar haqida oz boʻlsada tushuncha hosil qilishdan iborat.
Uchrashuv davomida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi.
Maʼlumotlarga koʻra 6,5 million yosh bu yilgi saylov jarayonlarida ishtirok etishi kutilmoqda. Mazkur saylov yoshlar uchun nafaqat ovoz berish, balki oʻz kelajagini belgilash uchun katta imkoniyat, desak yanglishmaymiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring