Saʼdullayev hududlarda yoshlar uchun oʻtkazilayotgan “Biznes-marafon”lar, motivatsion darslar boʻyicha tanqidlarga munosabat bildirdi
Soʻnggi vaqtlarda Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbirkorlar ishtirokida “Biznes-marafon” uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.
Soʻnggi paytlarda ushbu uchrashuvlar, ularda oʻtkazilayotgan turli xil motivatsion trening darslari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tanqid ostiga olinish holatlari uchramoqda.
“Xalq soʻzi” muxbiri Inobat Ahatova Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Saʼdullayevning bunday motivatsion darslarning yoshlarga foydasi haqidagi fikrlari va bildirilayotgan tanqidlarga munosabati bilan qiziqdi.
«Men tadbirkorlikka yoshlarni qiziqib, shu darajada yigʻilganini birinchi marta koʻrishim, oldin bunday uchrashuvlar boʻlmagan. Toʻgʻrisini aytsam, biz ham bir ish boshlaganimizda u mukammal chiqmaydi, xatolarimizni oʻrganamiz, xulosalar chiqaramiz. Loyiha davom etadi, lekin u rivojlantiriladi. Loyihaning menga yoqqan tomoni – yoshlar bu uchrashuvlarga oʻzi qiziqib ishtirok etdi.
“Biznes marafon” ishtirokchilarining koʻpchiligi juda kuchli tadbirkorlar. Firuz Allayev, Hasan va Husan Mamasaidovlar va boshqalar. Tarkib oʻzgartirib, rivojlantirib borilaveradi, yangilar qoʻshiladi, koʻp eʼtiroz bildiriladiganlar loyihadan chiqariladi.
Maqsadimiz yoshlarda tadbirkorlikka oid bilimlar shakllansin. Xatolar boʻladi, albatta. Biz hech qachon mukammal ish qildik demaymiz», deydi Alisher Saʼdullayev.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring