Rossiyada vulqon uygʻonishi ortidan aviaxavfning “qizil kod” darajasi eʼlon qilindi
Rossiyaning Kamchatka yarimorolida uygʻongan Shiveluch vulqonining kuli dengiz sathidan 8 kilometr balandlikka qadar koʻtarildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi Uzoq Sharq vulqonshunoslik va seysmologiya instituti xabar berdi.
Qayd etilishicha, vulqondan otilgan kullar janubi-sharqiy yoʻnalishda 492 kilometrga choʻzilgan, aviaxavfning “qizil kod” darajasi eʼlon qilingan (bu vulqondan atmosferaga koʻp miqdorda kul chiqayotganini bildiradi).
Shiveluch — Kamchatkadagi eng shimoliy faol vulqon boʻlib, Ust-Kamchatskiy tumanidagi Klyuchi qishlogʻidan 45 kilometr uzoqlikda joylashgan. U yerda 5 mingga yaqin aholi yashaydi. Tuman rahbari Oleg Bondarenkoning maʼlum qilishicha, Ust-Kamchatskiyda “1 millimetr qalinlikda kul tushishi kuzatilgan” va u aholiga koʻchaga chiqqanda himoya vositalaridan foydalanishni tavsiya qildi.
Vulqon Kamchatkada 7 magnitudali zilzila sodir boʻlganidan keyin harakatga kelgan. Yer osti silkinishining episentri Petropavlovsk-Kamchatkadan 108 kilometr janubi-sharqda, Tinch okeani hududida joylashgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring