Rossiyada vafot etgan oʻzbekistonlik mehnat migrantining oilasiga 1 mln. rubldan ortiq mablagʻ undirib berildi

14:32 21 Noyabr 2021 Jamiyat
1186 0

Bugungi kunda xorijda koʻplab yurtdoshlarimiz vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda va ularning koʻpchiligi Rossiya Federatsiyasi ulushiga toʻgʻri keladi. Afsuski, ish jarayonida turli baxtsiz holatlar yuz berishi va baʼzan bu oʻlim bilan ham tugashi mumkin. Ammo, ish joyidagi oʻlim yoki shikastlanish ish beruvchining aybi bilan sodir boʻlsa, marhumning qarindoshlari kompensatsiya olish huquqiga ega ekanidan koʻpchilik xabardor emas.

Shu bilan birga, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijiy advokatlik tashkilotlari (Rossiyada 18 ta, Qozogʻistonda 4 ta, Turkiyada 3 ta) bilan shartnomalar imzolagan.

1994-yilda tugʻilgan yurtdoshimiz B.Yusupov Rossiyaning “MONOTEK STROY” MCHJda ish boshlaganidan 2 oy 5 kun oʻtib, 2020-yil 21-sentyabr kuni ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida vafot etadi. Uning Xorazm viloyatida ota-onasi bilan birga yashovchi 1995-yilda tugʻilgan turmush oʻrtogʻi va 2019-yilda tugʻilgan qizi qoladi.

Marhumning oilasiga zararni undirib berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan rossiyalik yuristlar jamoasi jalb etilib, uzoq davom etgan jarayonlardan soʻng 1 mln 161 ming rubl (15 774 AQSH dollari) mablagʻ toʻlab berish boʻyicha ish beruvchi bilan yuridik kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, marhumning oilasiga jabrlanuvchining ish joyida baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani munosabati bilan 1 mln rubl atrofida kompensatsiya berilishi ham koʻzda tutilgan.

Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasidan ushbu mablagʻni undirish va marhumning voyaga yetmagan qiziga 18 yoshga toʻlgunga qadar nafaqa tayinlash masalasi hal qilinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер