Respublikamizning ayrim hududlarida elektr taʼminotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilmoqda

08:47 14 Noyabr 2022 Iqtisodiyot
543 0

Foto: Arxiv surat

Kunlar keskin soviy boshlagandan soʻng isteʼmolchilarning elektr energiyasi va gazga boʻlgan talabi ham ortib bormoqda. Shuningdek, sovuq kunlarda magistral gaz quvurlari va tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining ham keskin pasayishi kuzatilmoqda.

Buning natijasida, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi ayrim issiqlik elektr stansiyalariga belgilangan hajmlardan kam miqdorda tabiiy gaz yetib bormoqda. Bu esa, oʻz navbatida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining pasayishiga olib kelmoqda.

Shunday hollarda, elektr energiyasini ishlab chiqarish obyektlari, yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari, transformator punktlari hamda podstansiyalarda yuklamalarning ortishi natijasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yirik avariyalarni oldini olish maqsadida respublikamizning ayrim hududlarida elektr taʼminotida qisqa muddatli cheklovlar kiritishga majbur boʻlinmoqda.

Xuddi shuningdek, ayrim hududlardagi aholi isteʼmolchilarida tabiiy gaz bosimining pasayishi ham kuzatilmoqda. Hozirgi paytda barcha yoqilgʻi-energetika obyektlarida maxsus navbatchilik shtablari tashkil etilgan boʻlib, mutaxassislar tomonidan yuzaga kelgan ushbu muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Fursatdan foydalanib, isteʼmolchilardan ushbu vaziyatni toʻgʻri tushunishlarini soʻragan holda, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yirik avariyalarni oldini olish hamda energiya resurslari barqarorligini taʼminlash maqsadida, imkon qadar ushbu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishlarini eslatib oʻtamiz, deyiladi vazirlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер