Reklamalarda narxlarni xorijiy valyutalarda koʻrsatayotganlar ogohlantirildi

11:57 30 Aprel 2025 Jamiyat
271 0

Raqobat qoʻmitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) reklamalarida narxlarni xorijiy valyutalarda koʻrsatish keng tarqalayotgani yuzasidan reklama beruvchi, tayyorlovchi va reklama tarqatuvchilarni ogohlantirdi.

Bildirilishicha, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, reklamada narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida koʻrsatish taqiqlanadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bogʻlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

“Qonunda isteʼmolchilarga — jismoniy yoki yuridik shaxslarga yoʻnaltirilgan reklama uchun istisnolar belgilanmagan. Qiymat koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan har qanday reklama-axborotida narxlar soʻmda koʻrsatilishi kerak”, — deyiladi qoʻmita xabarida.

Bundan tashqari, narxlarni soʻmda koʻrsatishga doir talablar har qanday ochiq reklama-axborotiga, shu jumladan, internet tarmogʻida erkin foydalanishi mumkin boʻlgan ochiq sahifaga joylashtirilgan axborotlarga ham bevosita taalluqli hisoblanadi.

Reklama-axborotida tovar (ish, xizmatlar) toʻgʻrisida maʼlumotlarni xorijiy valyutada koʻrsatilishi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishiga olib keladi hamda tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.

“Hurmatli tadbirkorlar, Sizdan oʻz faoliyatingizga doir reklama maʼlumotlarini tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etishingizni soʻrab qolamiz”, — deyiladi qoʻmitaning ogohlantirish xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер