Reklamalarda davlat tili qoidalariga qanday rioya qilinmoqda?

20:26 20 Oktyabr 2023 Siyosat
509 0

Kuzatgan bo‘lsangiz, hanuzgacha ayrim reklama peshlavhalaridagi yozuvlar yoki uyali aloqa vositalari orqali kelayotgan xabarnomalarning xorijiy tilda yuborilishi holatlari uchrab turadi. Bu amaldagi qonunlar talabiga to‘liq rioya etilmayotganini anglatadi.

Binobarin, 2022 yil 9 sentyabrdan kuchga kirgan yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunda davlat tilining nufuzini yanada oshirishga qaratilgan yangi normalar kiritilgan bo‘lib, uning “Reklamaning tili” deb nomlangan moddasida mamlakatimiz hududida reklama davlat tilida tarqatilishi belgilab qo‘yilgan. To‘g‘ri, o‘tgan davr mobaynida iste’molchilarga reklama axboroti hamda mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning davlat tilida taqdim etilishi bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan. Biroq, yuqoridagi holat tegishli qonunchilikka rioya qilinishi yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni aniqlash va ularni to‘ldirishga e’tibor qaratishni taqozo etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamkorligida “Reklama hamda tovar to‘g‘risidagi axborotni davlat tilida taqdim etish bo‘yicha qonunchilikka rioya etilishi” mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda atroflicha so‘z bordi.

Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya Markaziy Kengashi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mas’ul xodimlari ishtirok etgan tadbirda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda barcha sohalarda o‘zbek tilidan to‘laqonli foydalanish, lotin yozuviga asoslangan alifboni takomillashtirish va boshqa millat vakillarining davlat tilini o‘rganishi uchun sharoitlar yaratish, o‘zbek tilini rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.

Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarda reklama axboroti va mahsulot (ish, xizmat) to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgani qayd etildi. Ammo amaliyotda ushbu qonun talablariga rioya qilinishi va ularga nisbatan choralar ko‘rilishi borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid ostiga olindi.

— Qonunchilik palatasi deputatlariga kelib tushayotgan ayrim murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, hanuzgacha qonunlarda belgilangan qoida va normalarga rioya qilinmaslik holatlari uchrab turibdi, — deydi Qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva. — Xususan, uyali aloqa vositalari orqali iste’molchilarga yetib kelayotgan reklama e’lonlari yoki bank amaliyotlari, to‘lov tizimlari bo‘yicha kelib tushadigan xabarnomalar to‘liq davlat tilida taqdim etilmayapti. Bundan tashqari, dori vositalari yoki boshqa turdagi mahsulotlar yo‘riqnomalarining o‘zbek tilidagisi mavjud bo‘lmasligi yoki ularning tarjimasi g‘aliz bo‘lishi, tilimizning uslubiy, imloviy qoidalariga rioya qilinmaganiga tez-tez guvoh bo‘lib turibmiz. Bu esa, davlat tilida so‘zlashadigan va fikrlaydigan fuqarolarimizning huquqlarini cheklab, o‘zbek tili nufuzini oshirishga qaratilgan qonunlarimizning ijrosi ta’minlanmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Tadbirda o‘zbek tilining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalarda qo‘llanish doirasini yanada kengaytirish hamda nufuzini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi. Reklama tiliga hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya qilmaslik uchun belgilangan jazo choralarini yanada kuchaytirish, mamlakatimizda hamda xalqaro maydonda o‘zbekistonlik olim va mutaxassislar ishtirokida o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanlarda davlat tilida ma’ruza qilishni ommalashtirish zarurligi bo‘yicha fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер