Ravshanbek BEGMATOV: Karantin tarixini bilasizmi?
by Google
Bugun butun dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olmoqda. Ayni vaqtda bu kabi epidemiologik fojealarga insoniyat boshiga tushib turgan zamonaviy balo sifatida qarash notoʻgʻri. Bunday ofatlar insoniyat tarixida mudom boʻlgan va har doim insonning tabiat oldida ojiz ekanligini yana bir bor eslatgandek goʻyo.
Karantin soʻzi italyancha soʻz boʻlib, 40 kun, degan maʼnoni anglatadi hamda muayyan narsadan tiyilish yoki ixotalanishga nisbatan ishlatiladi. U mashhur tibbiyotchi va faylasuf Gippokrat tomonidan fanga olib kirilgan hamda dastlabki davrdan boshlab tibbiyot sohasining maxsus termini sifatida ishlatilgan. Karantin qoidalari qadimgi davrdan maʼlum boʻlib, turli yuqumli kasalliklar tarqagan mamlakatlardan kelgan kemalar bandargohlarga kiritilmay, 40 kun davomida karantin holatida ushlab turilgan.
Karantin va u bilan bogʻliq qarashlarni dunyodagi birinchi faylasuf Pifagor 4 raqami bilan bogʻlaydi. Yaʼni oʻt, havo, suv va olov ushbu unsurlar tabiatning asosi sifatida koʻrsatadi. 4 ning koʻplik shakli 40 sifatida belgilab, dunyoni raqamlar boshqarishi haqidagi oʻzining taʼlimotini yaratadi. Shu oʻrinda qadimgi Sharq sivilizatsiyasida muhim rol oʻynagan zardushtiylikda ham 4 unsur tabiatning asosini tashkil etganligi haqidagi qarashlar mavjud ekanligiga nazar tashlasak, bu bizning ajdodlarimizga ham begona boʻlmaganligini koʻrishimiz mumkin.
Bizgacha yetib kelgan maʼlumotlarga qaraganda, ilk karantin Jazoirning Vaxron shahrida 194-yil oʻrnatilgan boʻlsa, XIV asrda xorijdan kelgan savdo kemalariga nisbatan Venetsiyada karantin yoʻlga qoʻyilgan. 1830-yilda Shirnessa va 1900-yilda Kvinslend portlarida joriy etilgan. Dunyoda ilk bor 1851-yilda karantinga bagʻishlangan ilk xalqaro konferensiya boʻlib oʻtgan.
Oʻrta Osiyoda ham karantin qoidalari qadimdan mavjud boʻlsa-da, ilk bor 1892-yil Toshkentda “vabo isyoni” munosabati bilan oʻrnatilganligini koʻrishimiz mumkin. 1918-yil butun dunyoga hatto birinchi jahon urushidan ham koʻra koʻp qurbon keltirgan “ispan grippi” natijasida koʻplab mamlakatlarda karantin tartibi belgilangan.
Qisqasi, shuni qayd etish lozimki, karantin insoniyat uchun begona emas. Buning ortidan har doim ham kuchli vahima va jazavaga tushish holatlari sodir boʻlgan. Buning oldini olish boʻyicha Abu Ali ibn Sino oʻz davrida “vahimaning oʻzi yarim kasallikdir, xotirjamlik yarim sogʻliqdir, sabr esa shifoning boshlanishidir” degan gaplari ayni yechimdir.
Sharq xalqlarida karantin soʻzi rus tili orqali kirib kelgan boʻlsa-da, islom dini va tasavvuf taʼlimotida ham 40 kun bilan bogʻliq juda koʻp hadislar va rivoyatlar mavjud. Xalqimiz buni sodda qilib “chilla” soʻzi bilan ifodalaydi.
Biz buning mazmunini toʻlaqonli koʻrsatishdan yiroq holda chilla sharoitida amal qilish zarur boʻlgan ayrim juda zarur maslahatlarni keltirib oʻtishni lozim topdik.
Chillada oʻtirgan shaxs odamlardan uzoq, doimo tahoratli boʻlishi, parhezga rioya qilishi, zaruratsiz muloqot qilmaslik kabi talablar ham mavjudki, bu bir tomondan, bugungi pandemiya sharoitida muhim ekanligini hatto buyuk ulamolarimiz ham eʼtirof etishgan.
Biz oʻzimizni chin musulmon sifatida bilar ekanmiz, buyuk madaniyat yaratgan xalq avlodimiz, deb faxrlanar ekanmiz, ajdodlar oʻgitlariga ham qatʼiy amal qilishimiz zarur.
Chunki millatning kelajagi borligini taʼminlovchi vositalardan biri bu — milliy qadriyatlarimiz. Qadriyatlar qadr topgan yurtimiz fuqarolari, azizlarimiz, otaxon va onaxonlar, aka va ukalarimiz oʻz kelajagingiz, orzu-umidlaringiz roʻyobini koʻrishni xohlaysizmi, unda bugun uyda qoling! Zero, bu sizning tanlovingizgina emas, butun xalqimizniki ekanligini unutmang.
Biz kelajak uchun javobgarmiz.
Ravshanbek BEGMATOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring