Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlik imkoniyati kengayadi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Kim Xi Sangni qabul qildi.
Elektron hukumat, telekommunikatsiya sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan uchrashuvda istiqbolli loyihalar amalga oshirish, raqamli texnologiya xizmati sifatini oshirish va ayni yoʻnalishda mamlakatning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratildi. 2022-yil Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, yurtimizda IT-taʼlim sohasini hamkorlikda rivojlantirish, AKT yoʻnalishida kadrlar malakasini oshirishga kelishib olindi. Koreya kompaniyalarini mamlakatimizga olib kelish va IT Park rezidentiga aylantirish borasida fikr, mulohaza bildirildi. Oʻzbekiston IT xab sifatida ushbu davlat mutaxassislarida ham qiziqish uygʻotayotgani, yurtimizda xorijlik investorlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgani eʼtirof etildi.
Eslatib oʻtamiz, ayni payt olib borilgan ishlar samarasi oʻlaroq, «Korea Claud» korxonasi IT Park rezidenti hisoblanadi.
2023-yil davomida mamlakatimizning 5 hududida yaratilgan IT-markazlar negizida Yoshlarning raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlik boʻyicha imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan maxsus kurslar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring